Jahon | 12:12 / 07.03.2024
5558
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Rossiya MB aktivlarini Ukrainaga o‘tkazishga tayyor

Londonning rejalariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga tovon to‘laganida pulni qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, agar Ukraina jang maydonida g‘alaba qozonmasa, Rossiya Federatsiyasi pulni qanday qaytarishi aniq emas, deya qayd etadi Guardian.

Foto: Inna Varenytsia/Reuters

Britaniya Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining mamlakatda muzlatib qo‘yilgan barcha aktivlarini ssuda ko‘rinishida Ukrainaga o‘tkazishga tayyor, bunda urush tugaganidan keyin Rossiya tovon puli to‘lashi nazarda tutiladi. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronga tayanib, 6 mart, chorshanba kuni Britaniyaning The Guardian gazetasi xabar berdi

Kemeronning rejasiga ko‘ra, Rossiya reparatsiya to‘laganida, kredit qaytariladi, bu esa Moskvaga o‘z mablag‘laridan foydalanish imkonini beradi. «Rossiya tovon puli to‘laganda biz uni qaytarib berishimizni bilib, garov sifatida muzlatilgan aktivlardan foydalanadigan sindikatlangan kredit yoki qarz mablag‘ini ishlatish imkoniyati mavjud», - deya tushuntirdi Kemeron. 

Vazirning qayd etishicha, Britaniya «katta yettilik» davlatlari va Yevropa Ittifoqi bilan muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish masalasida kelishilgan pozitsiyaga intilmoqda, biroq kerak bo‘lsa, bu qadamni jamoaviy qarorsiz qo‘yishga tayyor. 

Rejaning kuchli va zaif tomonlari 

The Guardian rejaning kuchli tomoni sifatida u rasmiy ravishda Rossiya aktivlarini musodara qilishni nazarda tutmasligini keltirdi, chunki Moskva oxir-oqibat ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, nashr ta’kidlashicha, rejaning zaif tomoni ham bor: agar Ukraina jang maydonida g‘alaba qozonmasa, Rossiya unga tovon to‘lashga rozi bo‘lmaydi va keyin pulni Moskvaga qanday qaytarish noma’lum bo‘lib qoladi. 

Nashr yozishicha, Kemeronning bu taklif haqida birinchi marta ochiq va batafsil gapirayotgani bu rejani Yevropa Ittifoqida emas, balki AQShda siyosiy qo‘llab-quvvatlashdan darak berishi mumkin.

RF MBning Britaniyadagi muzlatilgan aktivlari 

Britaniyada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining aktivlari deyarli 25 milliard funt sterling (32 milliard dollar) miqdorida muzlatib qo‘yildi, biroq bu haqda rasman xabar berilmadi, deb yozadi The Guardian. 

Yanvar oyi oxirida YeI davlatlari Rossiyaning Yevropa Ittifoqida muzlatilgan aktivlaridan olingan foydani maxsus jamg‘armaga o‘tkazish rejasi bo‘yicha kelishib oldi va bu mablag‘ keyinchalik Ukrainani qayta tiklash uchun ishlatilishi mumkin. Hozirda ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmoqda. 

Bloomberg agentligiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «katta yettilik» mamlakatlari iyun oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki aktivlaridan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qila olishini kutmoqda. Shu bilan birga, G7 davlatlari hali Rossiya aktivlaridan aniq qanday foydalanish bo‘yicha konsensusga erishgani yo‘q, biroq ularning barchasi, agar u Ukrainani qayta tiklashda yordam haqida va’da bermasa, bu mablag‘lar Rossiya uchun mavjud bo‘lmasligi kerak, degan fikrda.

Mavzuga oid