Jahon | 10:52 / 09.03.2024
4116
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya mudofaa kompaniyalari Ukrainada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

Fransiyaning uchta mudofaa kompaniyasi Ukraina korxonalari bilan uchuvchisiz uchoqlar va yerusti uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qiladi, dedi Mudofaa vazirligi rahbari.

Foto: Reuters

Fransiya mamlakatga Rossiya hujumini qaytarishda yordam berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina hududida harbiy texnika ishlab chiqarish uchun ayrim mudofaa kompaniyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 8 mart, juma kuni BFMTV telekanalida mudofaa vaziri Sebasten Lekornyu ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap uch fransuz kompaniyasi haqida ketmoqda, ular Ukraina korxonalari bilan dron va yerusti uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka kirishadi. Dastlab, korxonalar harbiy texnika uchun butlovchi qismlar, kelajakda esa, ehtimol, o‘q-dorilar ham ishlab chiqaradi. 

Ishlab chiqarish yozda boshlanishi rejalashtirilgan 

Dastlabki ishlab chiqarish quvvatlarini 2024 yilning yozida ishga tushirish rejalashtirilgan, deya qo‘shimcha qildi Fransiya mudofaa idorasi boshlig‘i. Loyihada ishtirok etuvchi kompaniyalar qatoriga tank ishlab chiqaruvchi KNDS - Fransiyaning Nexter hamda Germaniyaning Krauss-Maffei-Wegmann shirkati tomonidan tuzilgan holding tuzilmasi kiradi. 

Ayni paytda, Lekornyu janglarda qatnashish uchun Ukrainaga quruqlikdagi qo‘shinlar yuborish ehtimolini rad etdi. «Turli farazlar muhokama qilindi. Lekin gap harbiy harakatlarda qatnashayotgan qo‘shinlar haqida ketmayapti», - dedi vazir. Uning ta’kidlashicha, harbiy jihatdan ishtirok etishning boshqa modellari bor, ular Ukraina hududida minalardan tozalash va ukrainalik askarlarni tayyorlash kabilar sifatida ham ko‘rib chiqilishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid