Jahon | 17:41 / 12.03.2024
17962
4 daqiqa o‘qiladi

Ivanovo oblastida harbiy samolyot quladi

Rossiya mudofaa vazirligi Ivanovo oblastida rejalashtirilgan parvozni amalga oshirish chog‘ida Il-76 samolyoti halokatga uchraganini ma’lum qildi. Telegram-kanallarda dvigateli yonib ketgan harbiy samolyot videolari tarqalgan. Bortda 15 kishi bo‘lgan - ekipajning sakkiz a’zosi va yetti yo‘lovchi.

Foto: Videodan kadr

Ivanovo ustida harbiy samolyot yonib ketdi, deb xabar berdi seshanba kuni IvanovoNews va Kstati News nashrlari. Mahalliy aholi vakillari yong‘in chiqqan dvigatel bilan uchayotgan samolyot videolarini tarqatgan.

RF mudofaa vazirligi halokat to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi. «12 mart kuni soat 13:00 atrofida Ivanovo oblastida Il-76 harbiy-transport aviatsiyasi samolyoti rejalashtirilgan parvozni amalga oshirish uchun havoga ko‘tarilayotganida halkatga uchradi», — deyilgan xabarda.

Harbiy idoraga ko‘ra, qulab tushgan bortda ekipajning sakkiz a’zosi hamda yetti nafar yo‘lovchi bo‘lgan. «Voqea joyidan olingan hisobotga ko‘ra, falokatga samolyot havoga ko‘tarilishi vaqtida dvigatellardan biri yonib ketishi sabab bo‘lgan», — deyiladi bayonotda.

Ivanovo oblasti gubernatori Stanislav Voskresenskiy qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga barcha zarur yordamlar ko‘rsatilishini va’da qilgan.

Severniy aeroporti uzoq masofadan radiolokatsion aniqlash samolyotlari, jumladan A50 samolyotlari dislokatsiya bazalaridan biri hisoblangan. VChK-OGPU manbasi xabariga ko‘ra, Ivanovo oblastida qulab tushgan Il-76 yo‘lovchilari shunday samolyotning ofitser operatorlari bo‘lishi mumkin.

Guvohlar tomonidan olingan videolarda chindan ham samolyot dvigateli yonayotgani, yong‘in o‘chirilgach dvigatel tushib ketgani ko‘ringan.

Avvaliga mahalliy pabliklar Ivanovo-Severniy aerodromi hududida tutun ustuni ko‘tarilgani haqida xabar tarqatgandi.

Samolyot Ivanovo-Severniy aeroportiga qo‘nish uchun qaytayotganida halokatga uchragan, bort Bogorodskoye qishlog‘i hududiga qulagan, hozirda voqea joyida qutqaruvchilar ish olib bormoqda, deb yozgan «Ostorojno, novosti» telegram-kanali.

Baza telegram-kanali xabar berishicha, Ivanovo oblastida qulab tushgan Il-76 samolyoti o‘quv parvozini amalga oshirayotgandi.

24 yanvar kuni Belgorod yaqinida boshqa bir Il-76 samolyoti qulagandi. Rossiya mudofaa vazirligi samolyot ukrainlarning Xarkiv oblastida joylashtirilgan zenit-raketa kompleksidan uchirilgan ikkita raketa bilan urib tushirilganini ma’lum qilgandi.

Rossiya tomoniga ko‘ra, samolyot qulashi oqibatida almashuv uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrain harbiy asirlari, shuningdek, ekipajning olti a’zosi hamda asirlarni kuzatib borayotgan uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.

Ukraina tomoni harbiy asirlar o‘limini tasdiqlamagan. Rossiya hukumati tasdiqlashicha, samolyotga Patriot tizimi tomonidan zarba berilgan, buni g‘arb nashrlari manbalari ham tasdiqlagan, bu nashrlar asirlarni olib ketayotgan Il-76 samolyotiga xatolik tufayli zarba berilganini bildirgan. Kiyev samolyotga hujum uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Il-76 harbiy-transport samolyoti desant tushirish, shaxsiy tarkib, yuk va jangovar texnikalarni tashish uchun mo‘ljallangan.

23 fevral kuni ukrainalik harbiylar va rossiyalik harbiy blogerlar Krasnodar o‘lkasida Rossiyaning A-50 samolyot-radari urib tushirilgani to‘g‘risida xabar berdi. Ukraina qurolli kuchlariga yanvarda ham bunday uchib yuruvchi radar va qo‘mondonlik punkti vazifasini o‘tovchi samolyotni urib tushirgani haqida ma’lum qilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi bu yo‘qotishlari yuzasidan izoh bermagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid