O‘zbekiston | 12:38 / 13.03.2024
16966
3 daqiqa o‘qiladi

Kogon tumani hokimi o‘zgardi

Muhiddin Esonov tuman hokimligidan ham ketdi. U muqaddam Buxoro viloyati rahbari bo‘lib ishlagan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

13 mart kuni Xalq deputatlari Kogon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
 
Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov, prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Sahob Sulaymonov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, viloyatdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari va mutasaddi xodimlari, tuman faollari ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 

«Kogon tumani geografik joylashuvi, boy tabiati, tarixiy ahamiyatiga ko‘ra viloyatimizdagi istiqbolli hududlardan hisoblanadi. Mana shu imkoniyatlardan samarali foydalanilganligi sababli Kogon tumani so‘nggi yillarda Muhiddin Turdiyevich Esanov rahbarligida viloyatdagi iqtisodi jadal rivojlanayotgan tumanlar qatoridan joy oldi. O‘zining boy rahbarlik tajribasi, boshqaruvchilik qobiliyati, qat’iyati va talabchanligi bilan tumanda Hurmatli Prezidentimizning islohotlari ijrosini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Ammo keyingi paytda Muhiddin Esonovning sog‘ligi yomonlashganligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois Muhiddin Turdiyevich tuman hokimi lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qildi», dedi Botir Zaripov kirish so‘zi avvalida. 

Shundan so‘ng Muhiddin Esonov Kogon tumani hokimi lavozimidan ozod etildi.

Muhiddin Esonov / Buxoro viloyat hokimligi

Ayni vaqtga qadar «G‘ijduvon» erkin iqtisodiy zonasi direktori lavozimida ishlab kelgan Otabek Nodirovich Qazoqov Kogon tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov hududdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy holatni tanqidiy tahlil qilib, tumanning yangi rahbari boshchiligida hududni har jihatdan rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga batafsil to‘xtaldi. 

  • Ma’lumot uchun, Muhiddin Esonov 2020 yil fevralidan buyon Kogon tumani hokimi edi. U 2011–2016 yillarda Buxoro viloyatiga hokimlik qilgan, viloyat hokimligidan olingach, ma’lum muddat Buxoro tumaniga rahbarlik qilgan, keyinroq  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagandi.

Mavzuga oid