Putin Kiselevga intervyu berdi va yana bir bor Rossiya yadro urushiga tayyorligi haqida gapirdi
Texnik nuqtayi nazardan, Rossiya yadroviy urushga tayyor, lekin urush boshlash niyatida emas, dedi Putin. Uning aniqlik kiritishicha, Ukrainadagi mojaro paytida hech qachon yadro qurolidan, jumladan, taktik qurollardan foydalanish haqida o‘ylamagan.

Foto: t.me/news_kremlin
Harbiy-texnik nuqtayi nazardan, Rossiya yadro urushiga tayyor, dedi prezident Vladimir Putin teleboshlovchi Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida. Shu bilan birga, davlat rahbari «hamma narsa bunchalik keskinlashib ketayotganiga» ishonmasligini ta’kidladi, deb yozmoqda RBK.
«Harbiy-texnik nuqtayi nazardan, biz, albatta, tayyormiz. Bizda ular [yadroviy raketalar] doimo jangovar shay holatda», — dedi Putin Rossiya haqiqatan ham yadro urushiga tayyormi, degan savolga javob berar ekan.
Taktik yadro qurollari haqida gapirar ekan, prezident Ukrainadagi maxsus operatsiya vaqtida bunday qurollardan foydalanishga hech qachon ehtiyoj bo‘lmaganini ta’kidladi. Bu uning xayoliga hech qachon bunday fikr kelmaganligini anglatadimi, degan savolga Putin shunday javob qaytardi: «Yo‘q, nima uchun?»
«Bizning o‘z tamoyillarimiz bor. Ular nima haqida gapiryapti: agar gap Rossiya davlatining mavjudligi, suverenitetimiz va mustaqilligimizga zarar yetkazish haqida ketayotgan bo‘lsa, qurol-yarog‘ni, jumladan, har qanday qurolni, shu jumladan siz aytgan qurollarni ham ishlatishga tayyormiz. Biz uchun strategiyada hamma narsa yozilgan, biz uni o‘zgartirmadik», — deya qo‘shimcha qildi Putin.
Davlat rahbari, shuningdek, bugungi kunda AQSh ham yadroviy kuchlarini rivojlantirayotganini, biroq bu ularning urush boshlashga tayyorligini anglatmasligini eslatdi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh yadroviy sinovlar o‘tkazsa, Rossiya ham shunday qilishi mumkin. “[AQSh yadroviy sinovlarini o‘tkazish imkoniyati] yangi jangovar kallaklar paydo bo‘lganda, ba’zi ekspertlar fikricha, ularni faqat kompyuterda sinab ko‘rishning o‘zi kifoya emas, ularni tabiiy ko‘rinishida sinab ko‘rish zarurligi bilan bog‘liq. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi ma’lum doiralarda bunday g‘oyalar bor. Biz bu haqda bilamiz. Biz ham kuzatyapmiz», — dedi prezident.
Davlat rahbari Ukrainada G‘arb qo‘shinlarining mavjudligi mavzusiga ham to‘xtalib, agar Qo‘shma Shtatlar o‘z kuchlarini u yerga yuborishga qaror qilsa, Rossiya bunday qadamni, shuningdek, Rossiya hududiga Amerika qo‘shinlarini joylashtirish kabi aralashuv sifatida ko‘rib chiqishini ta’kidladi. «Men (AQSh prezidenti Jo Bayden) u an’anaviy siyosiy maktab vakili ekanligini aytdim va bu tasdiqlandi. U yerda Baydendan tashqari Rossiya-Amerika munosabatlari va strategik cheklov sohasida ko‘plab boshqa mutaxassislar bor. Shu bois, bu yerda hammasi u qadar keskinlashib ketyapti, deb o‘ylamayman, lekin biz bunga tayyormiz», - dedi Putin.
U shuningdek, frontdagi vaziyatga to‘xtalib, g‘arbni qonxo‘rlikda ayblagan.
«Ukraina front chizig‘idagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli Belgorod va Kursk oblastlariga hujum qilishga urinmoqda. Bundan asosiy maqsad, Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini barbod qilish bo‘lmasa ham, hech bo‘lmasa uni o‘tkazishga xalaqit berishdir.
Ukrainlar o‘tgan yili o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlardan birortasiga erisha olmadi. Hozirda tashabbus to‘lig‘icha RF qurolli kuchlari qo‘lida. Agar biz o‘zimizni o‘zimiz himoya qilmasak, biz bilan hech kim hisoblashmaydi.
Rossiya yo‘llar kesishuvida emas, balki o‘z taraqqiyotining strategik yo‘lida bormoqda va bu yo‘ldan chekinmaydi. G‘arb asrlar mobaynida qornini odam bilan, karmonini — pul bilan to‘ldirishga o‘rganib qolgan. Ammo ular tushunishi kerakki, vampirlar bali tugaydi. Men o‘zimni hech qanaqasiga dunyo taqdiri hakamidek his qilmayapman. Men shunchaki Rossiya manfaatlari yo‘lida ishlayapman», degan u.
Tavsiya etamiz
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30
«Quvur operatsiyasi»: ruslar uni «urushdagi burilish nuqtasi» deyishmoqda
Jahon | 23:40 / 11.03.2025
Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston | 16:34 / 11.03.2025
Firibgarlar o‘g‘irlagan pullarni qaytarib bo‘lmaydimi?
O‘zbekiston | 15:27 / 11.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Putin: «Kurskda asir tushganlarga terrorchilardek munosabatda bo‘linadi»
Jahon | 18:08
-
Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berildi
O‘zbekiston | 17:56
-
Kutilmagan tuhfa, oliy mukofot, o‘zbekcha gapirgan Makron - O‘zbekiston–Fransiya munosabatlarida yangi sahifa
O‘zbekiston | 17:53
-
O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi AQShdagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
O‘zbekiston | 17:39
Mavzuga oid

18:08
Putin: «Kurskda asir tushganlarga terrorchilardek munosabatda bo‘linadi»

16:25
Zelenskiy otashkesimga rozi, Putin-chi?

03:16
Putin Ukraina Qurolli kuchlari hujumidan beri birinchi marta Kursk oblastiga bordi

22:24 / 12.03.2025