O‘zbekiston | 13:12 / 14.03.2024
3913
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Elektron poliklinika» tizimining yangi talqini ishga tushirildi

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avvalgi tizimdan farqli o‘laroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimi joriy etilgan.

Shuningdek, unda real vaqt rejimida statistik ma’lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoyalash ta’minlangan hamda axborot tizimlar o‘zaro integratsiya qilingan.

Takomillashtirilgan “Elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan bo‘lsa, endilikda mutaxassis ko‘rigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi.

Qolaversa:

  • avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi;
  • tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi;
  • tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi.

Oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘rash bilan ortiqcha vaqt yo‘qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi.

Uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va o‘ziga tegishli tibbiy ma’lumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid