Jamiyat | 20:57 / 15.03.2024
32263
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda soliqchi bilan janjallashgan sotuvchi ayollar jarimaga tortildi

Uzun tumanida soliq inspeksiyasi xodimi va yo‘l chetida salat sotadigan ikki ayol o‘rtasida ro‘y bergan janjal videosi tarqaldi. Videoda soliqchi mahsulotlarni olib qo‘yishga uringanida tog‘oradagi salat to‘kilib ketgani, ayollardan biri uning ustiga salat suvini sepgani ko‘ringan. Uzun tumani sudi ayollarni ma’muriy javobgarlikka tortdi. Viloyatdagi soliq xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

Videodan kadrlar

13 mart kuni internetda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bahoriston mahallasida soliq inspeksiyasi xodimi va sotuvchi ayollar o‘rtasida janjal yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda soliq inspeksiyasi xodimi ikki sotuvchidan salat solingan tog‘orani tortib olishga urinayotgani, ular qarshilik ko‘rsatgani, shu asnoda tog‘oradagi salat to‘kilib ketganini ko‘rish mumkin. Shundan keyin ayollardan biri xodimning ustiga salat suvini sepib, “yashagani qo‘y, nimaga senlarning dastingdan tinchlik yo‘q”, deya baqirgan.

Video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, 13 mart kuni Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi munosabat bildirib, holat nazoratga olingani, xizmat o‘rganishi tayinlaganini ma’lum qildi.

15 mart kuni boshqarma o‘rganish natijalarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, voqea 12 mart kuni Uzun tumani soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tumanning Bahoriston mahallasi hududida savdo qilish uchun belgilanmagan joylarda noqonuniy faoliyatning oldini olishga qaratilgan tadbir davomida sodir bo‘lgan.

“Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan ko‘p marotaba ogohlantirishlarga qaramay, qonunga zid hamda antisanitariya holatida savdo faoliyatini davom ettirib kelayotgan fuqarolar Sh.T. hamda S.T. soliq inspeksiyasi xodimi F.Ergashevning noqonuniy savdo faoliyatini rasmiylashtirish talabiga qarshilik ko‘rsatib, janjal ko‘targan va davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga harakat qilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudining qaroriga asosan Sh.T. hamda S.T.ga nisbatan ma’muriy tartibda chora ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati soliq xodimlari orasida yig‘ilish o‘tkazilib, har bir xodim davlat xizmatchisining ichki mehnat tartib va odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishi yuzasidan ogohlantirildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

“Zo‘r TV” telekanalining “Bu kun” reportajidan ma’lum bo‘lishicha, sud ikki fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish)ga asosan 3 BHM – 1 mln 20 ming miqdorida jarima jazosini tayinlagan.

Reportajda aytilishicha, tumanda ochilgan yangi savdo markazida 500 dan ortiq o‘rin bor. Tuman hokimi sotuvchilardan patta puli olinmasligi, ular yangi bozorda savdo qilishi mumkinligini aytgan.

Soliqchi va sotuvchi ayollar o‘rtasida janjal kelib chiqqan joy Uzun tumanidagi eski dehqon bozori bo‘lib, bu bir necha yillardan beri aholi va sotuvchilar uchun muammoli masala bo‘lib qolyapti. Bu borada Kun.uz 2022 yilda maqola e’lon qilgandi. Uzun tumani markazidagi eski dehqon va buyum bozori buzilib, yangisi shaharcha chetida barpo etilgach, u yerga xaridorlar ko‘p ham bormagan. Savdogarlar esa eski bozor atrofiga sochilib, turli do‘konlarning oldidagi yo‘llarda, trotuarlarda savdo qilishda davom etyapti.

Savdogarlar eski bozordan 1 km uzoqda qurilgan bozorga xaridorlar ham, sotuvchilar ham bormasligi, rastalar bo‘sh turganiga sabab sifatida yo‘l uzoq ekani, bozorga eltuvchi transport infratuzilmasi yo‘qligini aytishgandi.

Mavzuga oid