Jahon | 22:08 / 07.04.2024
18464
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo janubidan quruqlik qo‘shinlarini olib ketdi

Sektor markazida birgina brigada qoldirilgan. Bu vaqtda Isroilda o‘n minglab kishilar hukumatga qarshi namoyishlarga chiqmoqda, Qohirada tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi kutilmoqda.

Foto: Getty Images

Isroillik harbiylar G‘azo janubidagi Xon Yunus shahri hududidagi to‘rt oylik janglardan keyin faol amaliyotlarda ishtirok etgan barcha quruqlik qo‘shinlari sektorning janubiy qismidan olib chiqilganini ma’lum qildi.

Falastin anklavining janubiy qismida birgina brigada qoldirilgan, Reuters va The Times of Israel xabariga ko‘ra, bu harbiylar sektorni ikkiga ajratib turuvchi yo‘lakni qo‘riqlaydi.

Isroil yaqin vaqtlar ichida Misr bilan chegara yaqinidagi bir milliondan ortiq falastinliklar boshpana qilgan Rafah shahrida amaliyot boshlashni rejalashtirgandi. Hozircha qo‘shinlar Xon Yunusdan olib chiqilishi bu rejaga qanday ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.

BMT bir necha bor Rafahdagi har qanday amaliyot gumanitar falokatga olib kelishidan ogohlantirgandi.

«Harbiy kampaniya doimiy ravishda rivojlanib bormoqda va bu shunchaki harbiy harakatlarning navbatdagi bosqichi, — degan BBC’ga TsAHAL vakili podpolkovnik Piter Lerner. — Biz Xon Yunus hududidagi missiyamizni yakunlaganimiz uchun qo‘shinlar rotatsiya qilindi».

«Tushunish kerakki, bizning kuchlarimiz miqdori qisqarmoqda, ammo o‘tkazilishi kerak bo‘lgan amaliyotlar soni ortib bormoqda. — Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida shunchaki uni o‘z nazoratiga olish uchun turgani yo‘q, hech qanday holatda ham bunday maqsad yo‘q, ular HAMASdan xalos bo‘lish va garovdagilarni qaytarish uchun u yerda».

Lernerning so‘zlariga ko‘ra, Rafah HAMASning tayanch punkti bo‘lib qolmoqda va u yerda isroilliklarning to‘rtta batalyoni bor. U mart oyida aynan Rafah hududida garovdagilardan ikki nafari ozod etilganini eslatib o‘tgan.

Isroildagi namoyishlar

Shanba kuni Isroilda ko‘p ming kishilik norozilik aksiyasi o‘tkazilib, uning ishtirokchilari bosh vazir Binyamin Netanyahuning iste’fosini va yarim yil muqaddam HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod etishni talab qilishdi.

Tel-Aviv va mamlakatning boshqa shaharlaridagi namoyishlar isroillik harbiylar garovga olinganlardan biri — Elad Katsirning jasadi qaytarilganini e’lon qilishi ortidan boshlandi. Yanvar oyida tirik asirlarning videosi e’lon qilinganida, ular orasida Katsir ham bor edi.

Namoyish ishtirokchilari «Zudlik bilan saylovlar!» va «Kechir, Elad!» deya hayqirishgan.

Ko‘chalarga chiqqanlar Netanyahu hukumati hamon G‘azoda ushlab turilgan 130 nafar atrofidagi isroillikni ozod eta olmaydi deb hisoblamoqda.

Norozilik aksiyalarida qatnashganlar orasida garovdagilarning qarindoshlari ham bor.

«Elad Katsir tutqunlikda atigi uch oy yashay oldi. U bugun biz bilan bo‘lishi kerak edi. U biz bilan bo‘lishi kerak edi!» — degan BBC bilan suhbatda namoyish ishtirokchilaridan biri Noam Peri.

Katsirning singlisi Karmit Palti Katsir feysbukdagi sahifasida agar Isroil hukumati sulh bo‘yicha kelishganida, uning akasi uyga tirik qaytishi mumkin bo‘lgani haqida post qoldirgan. «Bizning yetakchilarimiz qo‘rqoq va ular siyosiy mulohazalariga qul. Shuning uchun kelishuv ham yo‘q, — deb hisoblaydi u. — Bosh vazir, harbiy kabinet va koalitsiya a’zolari! Ko‘zguga qarang va qo‘lingizda qon yo‘qligini ayting».

Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik aksiyalarida 100 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, ishtirokchilar soni 45 ming kishi atrofida bo‘lgan.

Tel-Avivdagi namoyish vaqtida odamlar ustiga avtomobil bostirib borgan, natijada besh kishi jarohatlangan, haydovchi qo‘lga olingan. Ayrim joylarda namoyishchilar politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar uyushtirmoqda.

Namoyishchilar Tel-Avivdagi Kaplan ko‘chasida gulxan yoqishgan

Qohiradagi muzokaralar

Yakshanba kuni Misr poytaxti Qohira shahrida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi belgilangan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Isroil va HAMAS vakillari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarda MRB direktori Uilyam Byorns hamda Qatar bosh vaziri Muhammad ibn Abdulrahmon as-Soniy ishtirok etishi kutilmoqda.

2023 yil 7 oktyabrida HAMASning Isroilga hujumi oqibatida 1200 nafar atrofida isroillik o‘ldirilgan, ularning aksari — tinch aholi vakillari edi. Guruh a’zolari 253 kishini garovga olib, G‘azoga keltirgandi, o‘tgan vaqt mobaynida ularning bir qismi almashtirilgan. Garovdagi 129 kishining taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Kamida 34 nafar asir halok bo‘lgan deb hisoblanadi, isroillik harbiylar ulardan 12 nafarining jasadini topgan.

Yarim yil oldingi voqealardan keyin Isroil hukumati HAMAS guruhini yo‘q qilish uchun G‘azo sektoriga bostirib kirgandi. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida anklavda 33 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, ulardan ko‘pchiligi — ayollar va bolalar.

Mavzuga oid