O‘zbekiston | 22:29 / 15.04.2024
9015
5 daqiqa o‘qiladi

15 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Toshkentda yig‘ilgan vazirlar, keksa bog‘bonga prezident sovg‘asi, Onix olish uchun yangi taklif, So‘qoqdagi kuchli sel - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Yangiliklar sharhi bilan endi haftaning ish kunlari videoyangiliklar ko‘rinishida tanishtiramiz. 

Toshkentda Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi tashqi ishlar vazirlari uchrashdi

15 aprel kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo respublikalari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va Ummon tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu davlatlar rahbarlarining ilk sammiti 2023 yilning yozida Saudiyaning Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan va o‘zaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqlagan edi. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning Isroilga havodan hujumi ortidan Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda ekanini ma’lum qildi.

«Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin deb hisoblaymiz», deyiladi vazirlik bayonotida. 

Prezident sayxunobodlik bog‘bonga Tracker avtomashinasini sovg‘a qildi

Mirishkor bog‘bon Tursunboy ota Aripov mehnat faoliyatini 15 yoshida kolxozda suvchilikdan boshlagan. Keyinroq tumanda tashkil etilgan bo‘rdoqichilik chorva fermasida 40 yil mehnat qilgan

2011 yilda nafaqaga chiqqach, tomorqasida uzumchilik bilan shug‘ullana boshladi. Hozir uzumning rizamat, husayni, kelinbarmoq, shohonaki, ketmonsop kabi navlarini ko‘paytirmoqda. Otaxon yangi «abatar» navini payvand qilganini aytdi. 

KUN FAKTI

O‘zbekistonda 2024 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, 43 ming 327 ta oilaviy korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning hududlar kesimidagi soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda – 7729 ta. Keyingi yetakchi o‘rinlarda Xorazm va Farg‘ona viloyatlari bormoqda. 

«O‘zavtosanoat» davlat tashkilotlari xodimlariga Onix avtomobilini foizsiz muddatli to‘lovga sotib olish taklifi bilan chiqdi

«O‘zavtosanoat» AJ tomonidan Adliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasiga yuborilgan xatlarida tizimda ishlaydigan xodimlar avtomobil qiymatining 50 foizini to‘lagan taqdirda qolgan qismini 24 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkinligi aytilgan.

Sotuvi 2022 yilning 1 noyabridan boshlangan Onix sedani kutilgan darajada xaridorgir bo‘lmadi. Bunga avtomobilning va’da qilingan narxidan ancha qimmat sotilayotgani sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. 

Termizda O‘zbekiston – Hindiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi

Termiz harbiy poligonida O‘zbekiston va Hindiston Mudofaa vazirliklari bo‘linmalari o‘rtasida «Do‘stlik» qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘ulotlarining beshinchi davrasi boshlanmoqda.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, 2019 yildan buyon shu paytgacha «Do‘stlik» mashg‘ulotlari har ikki davlatda ikki martadan o‘tkazilgan.

Avvalgilaridan farqli ravishda navbatdagi qo‘shma tadbirda tomonlarning 60 nafardan harbiy xizmatchisi ishtirok etmoqda. Shuningdek, quruqlikdagi qo‘shinlar vakillariga harbiy havo kuchlari mutaxassislari ham qo‘shilgan.

Mashg‘ulotlarda harbiy bo‘linmalar o‘rtasida terrorizmga qarshi birgalikda kurashish va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan harakatlar va jipslikni oshirishga asosiy e’tibor qaratiladi.  

So‘qoqda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga keldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Parkent tumani So‘qoq qishlog‘ida 13 aprel kuni kuchli sel kelgani haqida videotasvirlar tarqaldi.

Parkent tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hech qanday talafotlar yuzaga kelmagani aniqlanganini xabar qildi.

O‘zbekistonda hafta oxiriga borib havo harorati yanada ko‘tarilishi ma’lum qilindi. Biroq tog‘li hududlarda sel xavfi saqlanib turibdi.

«O‘zgidromet» tomonidan 16–19 aprel kunlari uchun berilgan ob-havo prognoziga ko‘ra, 16 aprel kuni Farg‘ona vodiysida, kechasi va ertalab esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

17–19 aprel kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga borib +25...+28 darajaga, shimolda va janubda +29...+31 darajaga yetadi.

Joriy yil 16–17 aprel kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi

Mavzuga oid