O‘zbekiston | 09:56 / 15.04.2024
14007
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident sirdaryolik bog‘bonga Tracker avtomashinasini sovg‘a qildi

Prezident Sayxunobod tumanidagi Paxtakon mahallasida yashovchi mirishkor bog‘bon Tursunboy ota Aripovga Tracker avtomashinasini sovg‘a qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Otaxon mehnat faoliyatini 15 yoshida kolxozda suvchilikdan boshlagan. Keyinroq tumanda tashkil etilgan bo‘rdoqichilik chorva fermasida 40 yil mehnat qildi.  

2011 yilda nafaqaga chiqqach, tomorqasida uzumchilik bilan shug‘ullana boshladi. Uzoq yillar uzum yetishtirib, tok parvarishining hadisini oldi. Hozir uzumning rizamat, husayni, kelin barmoq, shohonaki, ketmon sop kabi navlarini ko‘paytirmoqda. Otaxon yangi “abatar” navini payvand qilganini aytdi.    

Tursunboy ota turmush o‘rtog‘i Inoyatxon aya bilan 3 o‘g‘ilni tarbiyalab elga qo‘shdi. Bugungi kunda chol-kampir 16 nafar nevara-chevara ardog‘ida. O‘g‘illari Azizjon, Azimjon Azamatning katta tomorqalarida ham  uzumning ko‘plab navlari parvarish qilinmoqda.

– Prezidentimizning tumanimizga tashrifi mening hayotimda eng baxtli, esda qolarli kun bo‘ldi, – deydi Tursunboy ota. – Tashrif chog‘ida yurtboshimiz menga Tracker avtomashinasini sovg‘a qildi. Keyin mahalladagi uzum yetishtiruvchilarga murabbiylik qilishimni aytdi. Ishonsangiz, haligacha hayajonim bosilgani yo‘q. Xushxabarning qo‘shqanoti bo‘ladi, deganlaridek, mahalla- ko‘y, tumanimiz, viloyatimiz, qolaversa, vodiydagi qarindoshlar, do‘st-birodarlarning tabriklari og‘ushida yashayapman. Farg‘ona vodiysining Oltiariq tumanidagi Uzumchi mahallasi singari endi bizning mahalla aholisi ham uzumchilik bilan shug‘ullanadi. 

Mavzuga oid