Prezident eksportda yangi bozorlarga kirib borish zarurligi haqida gapirdi
Eksportning qariyb 80 foizi Rossiya, Xitoy va Turkiya bozorlariga to‘g‘ri kelayotgani, Yevropaga eksportni ko‘paytirish dolzarb ahamiyatga egaligi ta’kidlandi. Viloyat hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari eksportchilarga ko‘maklashishdagi e’tiborsizligi uchun tanqid qilindi.
Prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda o‘tgan yili to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion so‘mga yetib, so‘nggi 7 yilda 4,2 baravar oshgani, 2023 yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar bo‘lgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, oxirgi ikki yilda jahon bozorida to‘qimachilik mahsulotiga bo‘lgan talab kamaygani qayd etildi. Bundan tashqari, asosiy eksport bozorlarimizda valuta kursi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi.
Shuni hisobiga o‘tgan yilda to‘qimachilik sohasi eksporti kutilgan ko‘rsatkichdan 200 million dollar kam bo‘ldi.
Prezident bugungi kunda to‘qimachilik tarmog‘idagi 6 mingdan ziyod korxona 570 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlayotganiga e’tibor qaratdi.
Ya’ni, sanoat tarmoqlari orasida eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan ham, eng ko‘p aholini band qilib turgan soha ham bu – to‘qimachilik sanoati.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan to‘qimachilikning barcha yo‘nalishlaridagi tadbirkorlar bilan muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganildi va yechimlar ishlab chiqildi.
Yuzdan ziyod tadbirkor taklif qilingan yig‘ilishda ushbu masalalar tahlil qilinib, yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Tarmoqdagi dolzarb masalalar muhokama qilinar ekan, o‘tgan yili tayyor mahsulot eksporti 1,3 milliard dollarni tashkil etgani bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Ya’ni, eksportdagi tayyor mahsulotning asosiy qismi narxi past bo‘lgan trikotaj hisoblanadi.
Mamlakatimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28 foiz arzon. Bu o‘zimizda tayyor mahsulotni ko‘paytirish uchun juda katta imkoniyat. Shunga qaramay, jami ishlab chiqarishda tayyor mahsulotlar ulushi kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solish muhimligi ta’kidlandi.
So‘nggi oylarda to‘qimachilik mahsulotlari 3 ta yangi bozorga chiqdi, eksport geografiyasi 83 ta davlatga kengaydi.
Biroq hanuz eksportning qariyb 80 foizi Rossiya, Xitoy va Turkiya bozorlariga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, Yevropaga eksportni ko‘paytirish dolzarb ahamiyatga ega.
Yevropa, Amerika va boshqa rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun korxonadan xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin, eksportchilarning 12 foizigina bunday talablarga javob beradi.
Viloyat hokimlari investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlarining bu boradagi faoliyati sustligi, eksportchilarga ko‘maklashishga e’tiborsizligi tanqid qilindi.
«Ko‘rib turibsizlar, sohadagi salohiyatdan foydalanilmasa, ishlab chiqarish ham, eksport ham, ish o‘rinlari ham ko‘paymaydi.
Bu borada yagona to‘g‘ri yo‘limiz – mavjud xomashyoni to‘liq qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va an’anaviy “arzon” bozorlardan – yangi, “qimmat” bozorlarga kirib borish», dedi prezident yig‘ilishda.
So‘ng davlat rahbari tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.
Mavzuga oid
09:40 / 22.11.2024
Oktyabrda O‘zbekiston 833 mln dollarlik oltin sotdi
13:13 / 19.11.2024
Germaniya O‘zbekistonga 1 mlrd yevrodan ortiq qiymatda mahsulotlar eksport qildi
15:20 / 14.11.2024
O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlar Britaniya bozoriga eksport qilinadi
12:50 / 04.11.2024