Jahon | 09:34 / 19.04.2024
2891
4 daqiqa o‘qiladi

Zurabishvili: Gurjiston oktyabrda muhim tanlovni amalga oshirishi kerak

Parlament saylovlarida gurjilar Gurjiston Rossiya yoki Yevropa bilan birga bo‘lishi haqida qaror qabul qilishi kerak, dedi DW nashriga mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili.

Foto: AP

Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida gurjistonlik saylovchilar muhim tanlovni amalga oshirishi kerak, deb hisoblaydi Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili. Ular Gurjiston «Yevropa yoki Rossiya bilan bo‘lishi kerakmi» degan aniq savolga javob berishi lozim bo‘ladi, dedi u 18 aprel, payshanba kuni DW nashriga bergan intervyusida

Zurabishvili parlament tomonidan bekor qilinishi kutilayotgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasiga veto qo‘yish niyatida ekanligini tasdiqladi. Faqat fuqarolarning noroziliklari va ularning oktyabrdagi saylovlarda bildiradigan pozitsiyasi parlamentariylarning rejalariga xalaqit berishi mumkin, dedi u. «Va bu aholi, Gurjiston va uning YeIga kirishi uchun asosiy sinov bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi prezident. 

Zurabishvili Rossiya bosimi haqida gapirdi 

Zurabishviliga ko‘ra, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi bir necha yil avval Rossiyada qabul qilingan xuddi shunday qonunni takrorlaydi va Gurjistonda mustaqil davlat sifatida tarixining boshidan buyon mavjud bo‘lgan ommaviy axborot vositalari erkinligi va xalqaro tashkilotlar faoliyatini cheklashga qaratilgan. Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasi Gurjistonning demokratiya yo‘lidagi taraqqiyotini va umuman, mamlakatning Yevropa va yevroatlantika integratsiyasiga intilishini cheklaydi, dedi u. 

Shu bilan birga, Zurabishvili Tbilisi joriy yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishini kutayotganini eslatdi. «Bu juda muhim qadam va Rossiya bu yo‘lda bosim va to‘siqlar o‘tkazayotgani ajablanarli emas. Shuning uchun bu masalada Rossiyaning ta’siri haqida savollar paydo bo‘lmoqda», - dedi u. 

Gurjistonda «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 

Aprel oyi boshida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi bir yil avval Tbilisida o‘n minglab odamlar ishtirokidagi ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng qaytarib olingan qonun loyihasining o‘zgartirilgan variantini yana ovozga qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Gurjistonda munozarali «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshashdir. U 17 aprelda birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, mablag‘ning kamida 20 foizini xorijdan oladigan tashkilotlar tegishli organlarda ro‘yxatdan o‘tishi shart. Agar qonunning dastlabki tahririda bunday tashkilotlar «chet el agentlari» deb tasniflangan bo‘lsa, hozirgi loyihada gap «chet el davlati manfaatlarini ifodalovchi tashkilotlar» haqida ketmoqda. Ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlash 25 000 lari (taxminan 9 ming yevro) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi va takroriy jazolar qo‘llanishi mumkin. 

Gurjiston muxolifati qonun loyihasini keskin tanqid qilib, hukmron partiyani Rossiya uchun ishlayotganlikda aybladi. 16 aprel kuni parlament binosi yaqinidagi ommaviy namoyishni tarqatish uchun maxsus kuchlar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, shuningdek, namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomonidan kaltaklangani xabar qilingan. 11 kishi qo‘lga olingan. Bahsli qonun loyihasi Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh tomonidan ham keskin tanqid qilinmoqda. «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi Gurjistonni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishdan uzoqlashtiradi, dedi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel.

Mavzuga oid