8,3 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar budjetga undirildi - Hisob palatasi
2024 yilning 1-choragida Hisob palatasi o‘tkazgan nazorat tadbirlarida 8,3 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar budjetga undirildi. Palata davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ham o‘rgangan.
Joriy yil 1-choragida Hisob palatasi tomonidan budjet mablag‘lari noqonuniy sarflanishining oldini olish maqsadida 14 ta nazorat tadbiri o‘tkazildi, 15 ta yo‘nalishda tahlillar tayyorlandi. Bu haqda 19 aprel kuni AOKAdagi brifingda palata mas’ul xodimi Sardor Usmonov ma’lum qildi.
“Davlat mablag‘lari noqonuniy sarflanishiga sabab bo‘layotgan omillarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish, davlat dasturlari ijrosini tahlil qilish, ularning samaradorligi va natijadorligiga asosiy e’tibor qaratildi. Nazorat tadbirlarida 8,3 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlarning budjetga undirilishi ta’minlandi. Davlat budjetiga 140 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi”, deydi Sardor Usmonov.
Shuningdek, 2021-2023 yillarda davlat buyurtmachilariga tovarlar yetkazib berilishi va ular bo‘yicha elektron hisob fakturalarning rasmiylashtirilishi hamda ushbu operatsiyalarning soliq hisobotlarida to‘liq aks ettirilishi nazorat tartibida o‘rganilgan. Tahlillarga ko‘ra, davlat budjetining g‘azna ijrosini qamrab olgan budjet buyurtmachilari tomonidan 2021-2023 yillarda jami 3,3 mln shartnomalar asosida 203,5 trln so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan.
“Xaridlar tarkibiga ko‘ra, qurilish – 66 trln so‘m, ta’mirlash – 44 trln so‘m, asosiy vositalar xaridi – 18 trln so‘m, kommunal xizmatlar – 20 trln so‘m, boshqa tovar va xizmatlar xaridi 54 trln so‘mni tashkil qilgan. O‘rganishlarda davlat budjeti mablag‘lari hisobiga xarid qilingan tovarlar aylanmasining ayrim ta’minotchi korxonalar soliq hisobotida kamaytirib ko‘rsatilgani natijasida 1,8 trln so‘mlik soliqlar bo‘yicha risklar aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijrochilarga ko‘rsatmalar taqdim etildi.
G‘aznachilik va soliq qo‘mitasining axborot xizmatlari o‘zaro elektron ma’lumotlar almashinuvini ta’minlashi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar yuborildi”, deydi palata mas’uli.
2022-2023 yillarda respublikaning 5 ta hududida davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilgan xaridlarning qonuniyligi o‘rganildi. Tahlillarda raqobatli usullarni chetlab o‘tib to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish, xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazmaslik va yuqori vaqtlarda xaridlarni amalga oshirish holatlari aniqlangan. Xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilgan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Toshkent shahridagi 7 ta tibbiyot muassasasida qisqa muddatli o‘rganishlar o‘tkazildi. 16 ta yo‘nalishda aholini qiynaydigan 119 turdagi muammolar aniqlanib ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda texnik iqtisodiy asoslarda ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyati o‘rganildi, o‘rganishlar natijasi bo‘yicha e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish yuzasidan 15 ta aniq takliflar berildi”, deya qo‘shimcha qildi Hisob palatasi vakili Sardor Usmonov.
Avvalroq, 2023 yilda budjetdan ajratilgan subsidiyalar miqdori keskin oshgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
12:27
Bir qator yirik soliq to‘lovchilarning davlat budjetidagi ulushi qisqaradi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
14:37 / 18.11.2024
Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident
19:18 / 05.11.2024