AQSh aprel oxirigacha Kiyevga ATACMS raketalarini topshirishga tayyor
Ukraina aprel oyida AQShdan yangi qurollar partiyasini olishi mumkin, deya ma’lum qildi AQSh Kongressi. Yordam paketiga 300 km masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir ATACMS raketalari kiradi.
Ukraina Qo‘shma Shtatlardan «hafta oxirigacha» qurollarning yangi partiyasini olishi mumkin. Bu haqda 21 aprel, yakshanba kuni CBS telekanali orqali AQSh Senatining razvedka qo‘mitasi rahbari Mark Uorner ma’lum qildi. Yordam paketida, jumladan, 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir uzoq masofali ATACMS raketalari ham bor. Qurollar «AQSh prezidenti Jo Bayden qonun loyihasini imzolashi bilanoq jo‘natiladi», deya qo‘shimcha qildi Uorner.
ATACMS frontda kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin
Amerikaning Atlantic Council tahliliy markazi tadqiqotchisi Piter Dikkinson ta’kidlashicha, ATACMS raketalari «Ukrainaga Rossiya tomonidan egallab olingan mamlakat barcha hududlaridagi nishonlarni urish imkonini beradi». Boshqa tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ATACMS ayniqsa aerodromlardagi samolyotlar, havo mudofaa tizimlari, neftni qayta ishlash zavodlari va logistika markazlari kabi nishonlarga qarshi samarali.
Tahlilchilar fikricha, Kiyevning uzoq masofali raketalar yangi partiyasini olishi Rossiya qo‘mondonligini bazalar va qo‘mondonlik punktlarini front chizig‘idan uzoqlashtirishga majbur qilishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, egallab olingan hududlar mudofaasini zaiflashtiradi.
ISW: Rossiya AQSh yordami kelguniga qadar hujumlarni kuchaytiradi
Amerika urushini o‘rganish instituti (ISW) 20 aprelda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Ukraina uchun tasdiqlangan yordam paketi «yaqin haftalarda frontdagi vaziyatga ta’sir qilmasligi» mumkin. Ayni paytda, Rossiya «cheklangan imkoniyatlar oynasidan foydalanishi» va hujumlarni kuchaytirishi hamda Ukraina qo‘shinlari «muvaffaqiyatsizlikka erishishi» mumkin. Harbiy yordam paketi «tezda yetib kelsa, Rossiya hujumini to‘xtatish mumkin», deyiladi xabarda.
AQSh Kongressi quyi palatasida Ukrainaga yangi yordam ma’qullandi
20 aprel kuni respublikachilar hukmronlik qiladigan AQSh Kongressining Vakillar palatasi bir necha oylik qarama-qarshiliklardan so‘ng Ukrainaga qariyb 61 milliard dollar miqdoridagi keng ko‘lamli yordam paketini ma’qulladi. Qonun loyihasini yoqlab 311 kongressmen ovoz berdi, 112 kishi qarshi chiqdi.
Quyi palata ma’qullaganidan keyin qonun loyihasi Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ovoz berish 23 aprelga belgilangan. Kongressning demokratlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi yuqori palatasi Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik yordam paketini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden bu hujjatni darhol imzolashini allaqachon aytgan.
Mavzuga oid
11:50
AQSh sudi Maskning siyosiy lotereyasini taqiqlamadi
14:35 / 04.11.2024
AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi
11:10 / 04.11.2024
CNN: AQSh saylovlari Putinni Kiyev bilan muloqotga undamaydi
09:30 / 04.11.2024