O‘zbekiston | 08:29 / 26.04.2024
3557
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha O‘zbekistonda taxograf qurilmalarini ishlab chiqarishi mumkin 

O‘zbekistonlik mutaxassislar yuk tashish nazorati sohasida Polsha tajribasini o‘rganmoqda.

Foto: dunyo

Mamlakat elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga xizmat safari uyushtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Tashrif doirasida Polsha Infratuzilma vazirligi Avtomobil transporti departamenti direktori Renata Rixter bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va Polsha Infratuzilma vazirligi huzuridagi Avtomobil transporti bosh inspeksiyasi o‘rtasida xalqaro avtomobilda yuk tashish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik, xususan Polshaning bu boradagi ilg‘or tajribasini respublikada joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya a’zolari Groyets shahridagi tekshirish joyiga tashrif buyurib, Polsha Avtomobil transporti bosh inspeksiyasi vakillari bilan birgalikda reyd tadbirlarida ishtirok etdi. Vazn va hajm parametrlari, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga amal qilishi, shuningdek, xalqaro yuklarni tashish uchun ruxsatnomalarni tekshirish jarayoni bo‘yicha Polsha tajribasi o‘rganildi.

Bundan tashqari, Tixi shahrida Infolab Narloch kompaniyasi rahbari Pshemislav Narlox bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda ushbu korxona bilan birgalikda O‘zbekistonda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qiladigan taxograf qurilmalarini (kardrider va Tachospeed axborot tizimi) ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mavzuga oid