Jahon | 07:40 / 26.04.2024
3956
2 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ sobiq «bosh vaziri» Vardanyan tergov izolyatoridagi ochlikni to‘xtatdi

Tan olinmagan Qorabog‘ Respublikasi sobiq «bosh vaziri» Ruben Vardanyan uch hafta oldin Ozarboyjon tergov izolyatorida boshlagan ochlikni to‘xtatdi. Milliarder 2023 yil sentabridan beri Bokuda hibsda saqlanmoqda.

Foto: REUTERS

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Qorabog‘ Respublikasi sobiq «hukumat rahbari», tadbirkor Ruben Vardanyan Ozarboyjon tergov izolyatorida deyarli uch hafta davom etgan ochlikni to‘xtatdi. Bu haqda uning oilasi Vardanyanning Telegram-kanalida 25 aprel, payshanba kuni kechqurun chop etgan bayonotda aytiladi

«Ruben Vardanyanning oilasi nihoyat uni ochlikni to‘xtatishga ko‘ndira oldi, chunki uning sog‘lig‘i va qamoqda saqlash sharoiti yomonlashayotgani sababli, oila a’zolari turli mamlakatlarda Ozarboyjonga nisbatan bosim kuchayib borayotgani haqida xabar berdi. Ruben Vardanyan oila a’zolarining shoshilinch iltimosiga ko‘ndi va o‘z yaqinlari tinchligi uchun ochlikni to‘xtatishga rozi bo‘ldi», — deyiladi bayonotda. 

Vardanyanning qo‘lga olinishi

«Troyka Dialog» sarmoyaviy kompaniyasining sobiq rahbari va asosiy hamkori milliarder Ruben Vardanyan 2023 yil 27 sentabr kuni Qorabog‘dan Armanistonga chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtda Ozarboyjon chegara postida ushlangan edi. Ertasi kuni u hibsga olindi. Vardanyanga bir qancha moddalar, jumladan, terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy qurolli guruhlar tuzish va faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Unga 14 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. 

19 aprel kuni Vardanyanning oilasi u Ozarboyjon tergov izolyatorida ochlik e’lon qilganini bildirdi, bu «Vardanyan va uning advokatining xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq sud jarayonini o‘z vaqtida, adolatli va oshkora o‘tkazish bo‘yicha qayta-qayta so‘rovlaridan keyin» 5 aprel kuni boshlangan.

Mavzuga oid