Jamiyat | 16:31 / 02.05.2024
28684
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda YPX xodimlari ko‘z oldidagi qoidabuzarlikka ko‘z yumdi

Dam olish maskanidan qaytayotgan bir necha yigit Traverse mashinasini boshqarib kelib, YPX inspektorlari oldida to‘xtagan va sirena chalgan. Inspektorlar esa “sizga mumkin” deganday shunchaki kulib qo‘ya qolishgan. Hozirda qoidabuzar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashinasi jarima maydoniga joylashtirilgan. Uning qoidabuzarligiga ko‘z yumgan YPX inspektorlariga nisbatan esa xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Foto: Videodan kadrlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatida yosh yigitlar Traverse mashinasini boshqarib kelib, YPX inspektorlari oldida sirena chalgani aks etgan videolavha tarqaldi.  Navoiy viloyati IIB JXX YHXB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat joriy yil 28 aprel kuni soat 17:00 lar atrofida Navbahor tumanida joylashgan “Sarmishsoy” dam olish maskanidan chiqish joyida sodir bo‘lgan. 

Shu kuni Navoiy viloyati IIB JXX YHXB xodimlari – katta serjant D.Ne’matov hamda safdor G‘.Mavlonov dam olish maskanidan qaytuvchi fuqarolarning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu hududda xizmat olib borayotgan vaqtlarida Traverse mashinasi haydovchisi xodimlarning oldiga harakatlanib kelib to‘xtab, ularning yonida tovush chiqaruvchi sirena moslamasidan foydalangani aniqlangan.  

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi 2-qismi (tegishli ruxsatnomasiz tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Traverse mashinasi esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, Navoiy viloyati IIB JXX YHXB xodimlari –  katta serjant D.Ne’matov hamda safdor G‘.Mavlonovning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. 

Avvalroq Samarqand viloyatida YPX inspektori haydovchidan pora so‘ragani uchun ishdan bo‘shatilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid