Jahon | 11:08 / 08.05.2024
2250
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova sobiq bosh vaziri pul yuvish bo‘yicha ishda oqlandi

Sud Moldova sobiq bosh vaziri Vlad Filatni juda katta miqdordagi pul yuvish ishi bo‘yicha to‘liq oqladi. Prokuratura hukm ustidan shikoyat qilmoqchi.

Vlad Filat Foto: RIA Novosti / Aleksey Drujinin

Moldova sobiq bosh vaziri va hukmron Liberal-demokratik partiyaning sobiq raisi Vlad Filat katta miqdordagi pul yuvish ishida to‘liq oqlandi. Bunday qaror 7 may, seshanba kuni Kishinyovdagi Buyukani sektor sudi tomonidan qabul qilindi.

Prokuratura sobiq hukumat rahbarini yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, shuningdek, 12,8 million ley (670 ming yevrodan ortiq) miqdorida jarimaga tortishni talab qildi. Bu miqdor prokurorlar Filatni pul yuvishda ayblagan pul miqdoriga teng. Biroq sud bu talablarni rad etib, sobiq bosh vazirning harakatlari «jinoyat tarkibiga mos kelmaydi» degan xulosaga keldi.

Prokuratura bu qaror ustidan shikoyat qilishini bildirdi, chunki ayblov tomoniga ko‘ra, «jinoyatning isboti ayblov hukmi uchun yetarli». Sud qarori ustidan 15 kun ichida Kishinyov apellyatsiya sudiga shikoyat qilish mumkin.

Pul yuvish ishi

Vlad Filatga nisbatan juda katta miqdordagi pul yuvish ishi 2019 yilda sudga taqdim etilgan. Korrupsiyaga qarshi prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda o‘sha paytda bosh vazir va Liberal-demokratik partiya raisi lavozimlarida ishlagan Filat Amerikaning piar-kompaniyasi bilan saylov oldidan konsalting xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzgan va unga 12,8 million ley to‘lagan. Prokurorlarga ko‘ra, u bu xizmatlar uchun korrupsiya yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pullarni o‘tkazib bergan. Vlad Filat ayblovlarni rad etadi.

Passiv korrupsiya ishi va Ilan Shorning bayonotlari

2016 yilda Vlad Filat boshqa jinoiy ish bo‘yicha - ma’muriy resurslardan foydalanganlik va passiv korrupsiya uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U 2019 yil boshida ozodlikka chiqdi.

2015 yilda Filat deputatlar Liberal-demokratik partiya rahbaridan deputatlik daxlsizligini olib tashlash uchun ovoz berganidan so‘ng darhol parlament zalida qo‘lga olingan edi. Ushlashga mamlakatdagi eng yirik Iqtisodiy bank (Banca de economiide) ma’muriy kengashi sobiq rahbari va rossiyalik qo‘shiqchi Jasminning eri oligarx Ilan Shor aybiga iqror bo‘lgan ko‘rsatmalari asos bo‘ldi. O‘z aybiga iqror bo‘lish chog‘ida u 2010 yildan 2014 yilgacha Filatga jami 250 million dollar olishga yordam berganini, biznes va siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlashi uchun naqd pul berganini hamda qimmatbaho mashinalar sovg‘a qilganini aytdi. Vlad Filat Ilan Shor bilan aloqalarini rad etgan.

Mavzuga oid