Jahon | 10:44 / 09.05.2024
4647
3 daqiqa o‘qiladi

Oligarx Kolomoyskiy qotillikni tashkillashtirishda ayblandi

Ukrainada tadbirkor 2003 yilda advokatni o‘ldirishga urinishda gumon qilinmoqda. Ichki ishlar vazirligi uning familiyasini ochiqlamadi, biroq retushlangan suratini chop etdi. OAV gap Kolomoyskiy haqida ketayotganini ta’kidlamoqda.

Foto: Telegram / UA_National_Police

Ukrainalik oligarx Igor Kolomoyskiy 20 yildan ko‘proq vaqt oldin buyurtma asosida qotillikni tashkil etganlikda gumon qilinmoqda. Ukraina Milliy politsiyasi Bosh tergov boshqarmasi tergovchilari taniqli tadbirkorga nisbatan gumon borligini ma’lum qildi, bu haqda Ukraina Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi 8 may, chorshanba kuni uning ismini ochiqlamasdan xabar berdi. Bayonotda Kolomoyskiy ekani taxmin qilinayotgan qisman retushlangan fotosurat chop etilgan. Ukraina OAV gap aynan u haqida ketayotganini yozmoqda.

Bayonotda aytilishicha, 2003 yil avgust oyida Feodosiya markazida «to‘rt kishi advokatni shafqatsizlarcha kaltaklagan va pichoqlagan», uning hayoti shifokorlar tomonidan saqlab qolingan. «Jinoyat jinoiy guruh a’zolarining xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yakunlanmay qolgan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Motiv - noqonuniy bitimda hamkorlik qilishdan bosh tortish

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi qotillikni sodir etish uchun «og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan, raqobatchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilishga «ixtisoslashgan» jinoiy guruh a’zolarini jalb qilgan».

«O‘shanda huquq-tartibot idoralari xodimlari buyurtma asosida qotillik sodir etishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Endi politsiya buyurtmachining shaxsi bo‘yicha dalillarni aniqladi», - deyiladi xabarda. Idoraga ko‘ra, 2023 yil sentabridan buyon hibsda saqlanayotgan tadbirkor 2003 yilda advokatni o‘ldirishga buyruq bergan, u noqonuniy bitim bo‘yicha hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun undan o‘ch olmoqchi bo‘lgan.

Kolomoyskiy ishi

Igor Kolomoyskiy 2023 yil sentabr oyi boshida hibsga olingan va o‘shandan beri hibsda saqlanmoqda. «SBU» tadbirkor firibgarlikda va jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mulkni qonuniylashtirishda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yildan 2020 yilgacha Kolomoyskiy nazorat ostidagi bank tuzilmalari orqali xorijga 0,5 milliard grivnadan (14 million dollar) ortiq mablag‘ olib chiqib ketgan. Hibsga olinganidan bir necha kun o‘tgach, Kolomoyskiyga «Privatbank» mablag‘laridan 9,2 milliard grivnani «olib chiqib ketish» bo‘yicha ikkinchi ayblov qo‘yildi, keyin esa 5,8 milliard grivna yuzasidan uchinchi ayblov ilgari surildi. Kiyevning Shevchenko tuman sudi Kolomoyskiyning mulkini xatlovga oldi.

Forbes Kolomoyskiyning boyligini 1 milliard dollarga baholagan. «Privatbank»dan tashqari, «Ukrtatnafta» neftni qayta ishlash kompaniyasi va «Ukrnafta» neft-gaz kompaniyasi ham uning aktivi edi - ular ham milliylashtirildi. 2014-2015 yillarda Kolomoyskiy Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati gubernatori lavozimida ishlagan. 2019 yilgi prezidentlik saylovlarida Igor Kolomoyskiy Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlagan, natijada u Ukraina prezidenti lavozimini egallagan.

Mavzuga oid