Jamiyat | 14:53 / 10.05.2024
50696
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 8-sinf o‘quvchisi farzandli bo‘ldi

Toyloq tumanidagi maktablardan birining o‘quvchisi tug‘ib qo‘ygan, chaqaloqning otasi esa kasb-hunar maktabi o‘quvchisi ekani aytilmoqda. Holat rasmiylar tomonidan o‘rganilmoqda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi maktablaridan birining 8-sinf o‘quvchisi o‘g‘il farzand ko‘rgani haqida xabar tarqaldi.

Chaqaloqning otasi boshqa maktabda ta’lim oluvchi o‘smir yigit bo‘lishi mumkin. Hozirda o‘quvchi shifoxonada ekani, uning onasi ishlash uchun boshqa mamlakatga ketgan bo‘lgani aytilmoqda.

Bolalar ombudsmani shunday holat aniqlanganini tasdiqladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 2009 yilda tug‘ilgan qiz 2023 yil avgust oyida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, 2007 yilda tug‘ilgan bola bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. 2024 yil 6 may kuni shifoxonada ko‘zi yorigan.

«Mazkur holat yuzasidan (voyaga yetmagan qizning yoshidan kelib chiqib, ariza bilan murojaat qilinmagan bo‘lsa-da) Toyloq tumani IIB tomonidan JKning 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu bilan birga, bunday toifadagi jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan jabrlanuvchi shaxsiga oid bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor qilish va tarqatish qonunan taqiqlangan hamda bola manfaatlariga zid ekanini eslatib o‘tamiz»,– deyiladi rasmiy xabarda.             

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova Kun.uz’ga bergan izohida aniqlik kiritilishicha, chaqaloqning otasi E.Sh Toyloq tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabi o‘quvchisidir. U ayni vaqtda vaziyat surishtirilayotganini bildirgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid