Jahon | 08:36 / 16.05.2024
5407
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Bayden va Tramp o‘rtasidagi ilk teledebatning sanasi ma’lum bo‘ldi

Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi birinchi teleduel kutilmaganda iyun oyining oxiriga rejalashtirildi. Tezroq teledebat o‘tkazish tashabbusi AQShning amaldagi prezidentidan chiqdi.

Foto: Evelyn Hockstein / Marco Bello / Reuters

Qo‘shma Shtatlarda amaldagi prezident Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp o‘rtasidagi birinchi saylovoldi teleduel kutilmaganda iyun oyining oxiriga rejalashtirildi. Amerikaning CNN telekompaniyasi 15 may, chorshanba kuni teledebat 27 iyun oqshomida Jorjiya shtatining Atlanta shahrida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Avvalroq Bayden, tashkiliy komissiya rejalaridan farqli ravishda, teledebatlarni tezlashtirish va ularni kelasi oyga belgilashni taklif qilgan va Tramp bunga rozi bo‘lgan edi. Bayden X platformasidagi mikroblogida shunday deb yozgan: «Men CNN’dan 27 iyun kuni debat o‘tkazish taklifini oldim va qabul qildim. Endi navbat senga Donald: istalgan joyda, istalgan paytda ko‘rishamiz».

Tramp jamoasi bu sanaga rozi ekanini aytib, saylovchilarga ikkitadan ortiq teleduelni tomosha qilish imkoniyatini berish kerakligini qo‘shimcha qildi, shuning uchun u Bayden va Tramp o‘rtasida to‘rtta teleduelni taklif qildi - iyun, iyul, avgust va sentabr oylarida. 

Dpa agentligining ta’kidlashicha, teledebatlarni iyun oyida o‘tkazish juda g‘ayrioddiy. Demokratlar va Respublikachilar partiyalarining iyul va avgust oylarida bo‘lib o‘tadigan qurultoylariga qadar Bayden va Tramp AQSh prezidentligiga rasman nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi. 

Kelishilgan rejalarga zid tarzda

AQShda prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi teledebatlar an’anaviy tarzda partiyalararo komissiya tomonidan tashkil etiladi. U noyabrda uchta teleduel sanasini belgilagan - 16 sentabrda San-Markosda (Texas), 1 oktyabrda Pitersbergda (Virjiniya shtati) va 9 oktyabrda Yuta shtatining Solt-Leyk-Siti shahrida.

AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlar o‘rtasidagi yagona teledebat, komissiya rejalariga ko‘ra, 25 sentabr kuni Pensilvaniya shtatining Iston shahrida bo‘lib o‘tishi kerak. Bayden yana o‘zining o‘rinbosari Kamala Xarris bilan birga saylovda qatnashadi. Tramp hozircha kimni vitse-prezident lavozimiga tayinlash niyatida ekanligini e’lon qilgani yo‘q. 

Mavzuga oid