Sport | 17:01 / 21.05.2024
6051
2 daqiqa o‘qiladi

Kroos Yevro-2024dan keyin futbolchilik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi

«Real» klubi hamda Germaniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Toni Kroos futbolchilik faoliyatini yakunlayotganini ma’lum qildi.

Foto: Getty images

Germaniyalik 34 yoshli futbolchi Chempionlar ligasi finalidan keyin «Real» bilan xayrlashadi. O‘z mamlakatida o‘tadigan Yevropa chempionatidan so‘ng esa futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.

«Men har doim aytganman – «Real Madrid» faoliyatimdagi so‘nggi klub bo‘ladi. 2014 yilning 17 iyul – «Real»dagi faoliyatim boshlangan kun, hayotimni o‘zgartirgan kun. 

Oradan 10 yil o‘tib, mavsum yakunida Madriddagi ajoyib sarguzashtim yakuniga yetmoqda. Bu yerda o‘tgan hayotimning ushbu ajoyib onlarini hech qachon unutmayman. Meni quchoq ochib kutib olgan va ishonch bildirgan barchaga minnatdorchiligimni yetkazmoqchiman. Meni qo‘llab-quvvatlagan, birinchi kundan hozirgacha mehr-muhabbatini namoyon etib kelayotgan barcha madridistalarga rahmat!

Futbolchilik faoliyatimni Yevropa chempionatidan keyin yakunlayman. «Real» so‘nggi klubim bo‘lib qoladi. Bunday qarorni o‘z vaqtida qabul qilayotganimdan xursandman va bundan faxrlanaman. Faoliyatimni eng yuqori cho‘qqida yakunlash har doim mening maqsadim bo‘lgan. 

Endi bor e’tiborim faqat bitta narsaga qaratiladi: Chempionlar ligasidagi 15-sovrin uchun olg‘a, Madrid», - deya yozadi Kross muxlislarga qilgan murojaatida.

Ma’lumot uchun, YeChL finali 1 iyun kuni «Real» va «Borussiya» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Yevro-2024 turniri esa 14 iyundan 14 iyulga qadar Germaniya maydonlarida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid