O‘zbekiston | 16:00 / 30.05.2024
24668
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda “shikoyatchi fuqarolar” ro‘yxati tuzildi. Bunday ta’qib uchun javobgarlik bor

Ro‘yxatga “ariza tashkillashtirishni odat qilib olgan”lik aybi bilan viloyatning 5 ta hududi kesimida 44 nafar fuqaro kiritilgan. Ularning ayrimlari shunchaki murojaatlar sonini oshirib, minnatdorchilik bildirgani uchun “qora ro‘yxat”dan joy olganini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda murojaat qilganlik uchun shaxsni ta’qib qilish mavjud qonunchilikka zid hisoblanadi. 

Foto: Kun.uz

Xorazmda “shikoyatchi fuqarolar ro‘yxati” tuzildi. Urganch va Xiva shaharlari, Qo‘shko‘pir, Xiva hamda Yangiariq tumanlari kesimida tuzilgan ro‘yxatdan 44 nafar fuqaro joy olgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroning ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxatni qaysi tashkilot tuzgani ma’lum emas. Fuqarolar ushbu ro‘yxatni viloyatda sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda ko‘rib qolgan.

Ro‘yxatda “Xorazm viloyatida ariza yozishni tashkil etadiganlar, norozi kayfiyatni kuchaytirishga harakat qiladiganlar, ariza tashkillashtirishni odat qilib olgan 44 nafar fuqaro” haqida ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, ro‘yxatda viloyatning Qo‘shko‘pir tumanida bunday fuqarolar soni 4 nafar ekani ko‘rinadi.

Masalan, fuqaro Muhammad Nurimov “o‘zi bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, o‘z manfaati yo‘lida yashash hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy muammolarni internet orqali ko‘tarib chiqish” aybi bilan ro‘yxatdan joy olgan. Yana bir fuqaro Xolbek Nurjonov esa shunchaki ko‘p minnatdorchilik bildirgani sababli ro‘yxatga kiritilgan.

Mazkur ro‘yxat qaysi tashkilot tomonidan nima maqsadda tuzilgani yoki qayerga taqdim etilgani aniq emas.

Bu qonunga zid

“Shikoyatchi fuqarolar ro‘yxati”ni tuzish hamda shaxsni mas’ul idoralarga qilgan murojaati tufayli ta’qib qilish mavjud qonunchilikka zid hisoblanadi.

Jumladan, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etgani, shuningdek, murojaatlarda o‘z fikrini bildirgani va tanqid qilgani munosabati bilan ta’qib qilish man etiladi.

Jinoyat kodeksining 144-moddasi 2-qismida jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini ular davlat organiga, davlat muassasasiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilgani munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun, xuddi shuningdek, boshqacha shaklda tanqid qilgani uchun mansabdor shaxs tomonidan ta’qib etishga javobgarlik belgilangan. Bunday qilmish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid