Jahon | 11:51 / 03.06.2024
3428
4 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp TikTok’da akkaunt ochdi

Tramp ijtimoiy tarmoq va AQSh rasmiylari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar fonida TikTok’da akkaunt ochdi. Shu bilan birga, avvalroq Trampning o‘zi TikTok’ni taqiqlashni yoqlab chiqqan edi.

Foto: Eduardo Munoz / Reuters

Lavozimga yana ilgari surilgan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Xitoyning ByteDance konserniga tegishli TikTok ijtimoiy tarmog‘ida akkaunt ochdi. Bu haqda 2 iyun, yakshanba kuni Tramp o‘z akkauntida birinchi videoni e’lon qilganida ma’lum bo‘ldi. 

Video aralash yakkakurashlar bo‘yicha xalqaro tashkilot - Ultimate Fighting Championship (UFC)ning Nyuarkda bo‘lib o‘tgan tadbirlaridan birida suratga olingan. Videoda UFC bosh direktori Dana Uayt ham paydo bo‘lgan - videoning boshida u «prezident endi TikTok’da» ekanligini ta’kidlagan, Tramp esa «bu juda sharafli» ekanini aytgan. Qisqa videoning qolgan qismi AQSh sobiq prezidenti tribunadagi tomoshabinlarga qo‘l siltab, ular bilan selfi tushayotgani tasvirlaridan iborat. 

TikTok akkaunti Trampga o‘z tomoniga yosh auditoriyani, jumladan AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan potensial saylovchilarni jalb qilishga yordam berishi mumkin, deya ta’kidlaydi Politico. 24 soatdan kamroq vaqt ichida Trampning birinchi videosi taxminan 56 million marta tomosha qilindi va uning akkauntiga deyarli 3 million foydalanuvchi obuna bo‘ldi. 

Bir necha oy oldin AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning saylovoldi shtabi TikTok akkauntini ochdi - uning 340 mingga yaqin obunachisi bor. 

TikTok AQSh rasmiylari bilan kelishmovchiliklarni davom ettirmoqda

Bayden saylovoldi shtabi TikTok’da akkauntga ega bo‘lishiga qaramay, AQSh rasmiylari so‘nggi oylarda mamlakatda ijtimoiy tarmoq ishini cheklashga urinmoqda. Aprel oyida Bayden Kongressning ikkala palatasi tomonidan ma’qullangan qonunni imzoladi, unga ko‘ra ijtimoiy tarmoqning xitoylik egasi o‘z biznesini bir yil ichida Xitoy yurisdiksiyasiga kirmaydigan kompaniyaga sotish majburiyatini oladi. Aks holda, TikTok AQShda bloklanishi mumkin.

TikTok rahbariyati AQSh rasmiylarining talablariga qarshi sudda kurash olib borishini aytdi. «Faktlar va konstitutsiya biz tomonda va biz yana g‘alaba qozonamiz», dedi onlayn-platforma rahbari Shou Tszi Chu. 

Donald Tramp ham prezidentlik davrida AQShda TikTok’ni taqiqlashga uringan, biroq sud uning qarorini bloklagan. Sobiq prezident ham Bayden kabi o‘z talablarini milliy xavfsizlik bilan asoslagan. Ammo Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, u TikTok’ni Amerika ijtimoiy tarmoqlariga «zaruriy muvozanat» deb atadi, ular uning saylovoldi kampaniyasidagi reklamalarini olib tashladi va keyinchalik Kapitoliyga bostirib kirishga undagani uchun Trampning akkauntlarini bloklab qo‘ydi. 

AQShdagi tanqidchilar TikTok’ni Xitoy hukumatiga yaqinlikda va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda. Ijtimoiy tarmoq rahbariyati barcha ayblovlarni rad etadi. YeI ma’muriyati TikTok’ga shunga o‘xshash, shuningdek, bir qator boshqa ayblovlar qo‘ymoqda – aprel oyida Yevrokomissiya ijtimoiy tarmoq bo‘yicha navbatdagi tekshiruvni boshladi. Shu bilan birga, Germaniya kansleri Olaf Shols tanqidlarga qaramay, ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochdi. 

Mavzuga oid