Jahon | 08:17 / 10.06.2024
5762
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda o‘n minglab fuqarolar hukumat iste’fosini talab qildi

Yerevanda arxiyepiskop Bagrat Galstanyan boshchiligidagi namoyishchilar parlament binosi va hukumat saroylari tomon yurish uyushtirdi.

Foto: Alexander Patrin/TASS/dpa/picture alliance

Armaniston poytaxti Yerevanda 9 iyun, yakshanba kuni hukumatga qarshi keng ko‘lamli muvofiqlashtirilgan miting bo‘lib o‘tdi. «Kommersant» gazetasi va TASS agentligi yozishicha, unda bir necha o‘n minglab odamlar qatnashgan.

Armanistonning News.am internet-nashri xabariga ko‘ra, Respublika maydonidagi miting yakunlangandan so‘ng, arman apostol cherkovi arxiyepiskopi Bagrat Galstanyan boshchiligidagi norozilik ishtirokchilari parlament binosi va hukumat saroylari tomon yurish qilgan. News.am nashrining xabar berishicha, namoyish ishtirokchilari orasida Armaniston Milliy majlisi deputatlari ham bor.

O‘z navbatida, politsiya namoyishchilar bilan mojarodan so‘ng ular maxsus texnikadan foydalanishga tayyor ekanliklari haqida ogohlantirgan. «Vaziyat keyinroq tinchlandi», deb ta’kidlaydi TASS. 

Armanistonda hukumatga qarshi namoyishlar

Armanistonda bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi hukumat iste’fosini talab qilgan namoyishlar bir necha hafta oldin, Yerevan va Boku Tavush viloyatidagi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishib olganidan keyin boshlangan edi. 

Ushbu kelishuv natijasida Armaniston Ozarboyjonga avval Ozarboyjon SSRga qarashli bo‘lgan, biroq 1990-yillardan beri armanlar nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloqni berishga rozi bo‘ldi. 

Chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bilan bog‘liq norozilik namoyishlari yetakchisi Arman apostol cherkovi arxiyepiskopi Bagrat Galstanyan bo‘ldi. U Arman apostol cherkovi rahbari katolikos Garegin II ga siyosiy kurashda qatnashish niyati tufayli uni xizmatdan chetlashtirishni iltimos qilib murojaat qilgan. Shundan so‘ng «Vatan uchun Tavush» muxolifat harakati uni mamlakat bosh vaziriligiga nomzod qilib ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid