09:31 / 12.06.2024
6551

Boyqo‘ng‘ir yaqinida Fransiya fuqarosi vafot etdi

Fransiyalik sayyohning Boyqo‘ng‘ir kosmodromi yaqinida «ahvoli yomonlashdi» va u «suvsizlanishdan» vafot etdi, deb xabar bermoqda Rossiya davlat matbuoti.

Foto: Sergei Savostyanov/TASS/dpa/picture alliance

Fransiya fuqarosi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi yaqinidagi dashtda «suvsizlanishdan» vafot etdi, deb xabar berdi Rossiya davlat matbuoti 11 iyun, seshanba kuni. 

RIA «Novosti» manbasiga ko‘ra, ikki fransuz kosmodrom hududiga kirishga uringan, biroq dashtda ulardan birining ahvoli yomonlashgan. Uning sherigi do‘stiga yordam bera olmagan va eng yaqin yo‘lga qarab yugurgan, lekin u yerga yetib borib, yordam so‘ragunicha, birinchisi vafot etgan.

Shu bilan birga, TASS huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib, fransuzlar kosmodromga kirib olishni rejalashtirmagani, balki dashtda suratga olish bilan shug‘ullanganini da’vo qilmoqda. «Ular dashtdagi binolarni suratga olishayotgan edi, biroq ulardan birining ahvoli yomonlashdi, ikkinchi sayyoh esa nazorat-o‘tkazish punktiga yordam so‘rash uchun borgan, biroq yordam vaqtida yetib kelmagan», — dedi agentlik suhbatdoshi. 

Baza Telegram-kanali Fransiya fuqarolarining shaxsini ochiqladi - 27 yoshli Nikolas Karbon va ahvoli yomonlashib, keyinroq vafot etgan 25 yoshli Anjyelo Alebeta. Xabar qilinishicha, hududda havo harorati +30 darajadan oshib ketgan, dashtda soyali joyni topishning iloji bo‘lmagan. 

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi Qozog‘istonda joylashgan, ammo Rossiya Federatsiyasi kosmik faoliyat uchun zarur bo‘lgan barcha hududni ijaraga oladi. U tashrif buyurish uchun maxsus ruxsat talab qilinadigan rejimli obekt. Fransiya rasmiylari hozircha voqea yuzasidan izoh bermagan. 

Mavzuga oid
Top