Jahon | 09:50 / 14.06.2024
24575
9 daqiqa o‘qiladi

Tebranayotgan rubl: vaziyat sharhi va o‘zbekistonliklar uchun tavsiyalar

AQSh Moliya vazirligi Moskva birjasini sanksion ro‘yxatga qo‘shgani sabab Rossiya dollar va yevroning rublga nisbatan kursini aniqlashning eng oson yo‘lidan mahrum bo‘ldi. Xo‘sh, bu vaziyat rubl kursiga qanday ta’sir qiladi, O‘zbekiston rezidentlari bunday vaziyatda nima qilishlari kerak? Kun.uz'ning bu haqdagi savollariga iqtisodchi Otabek Bakirov javob berdi.

O‘zi nima gap?

AQSh Moliya vazirligi Rossiya valuta bozorida dollar savdosiga vositachilik qiluvchi bir nechta moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Natijada birja 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosini to‘xtatdi. Kurs tebranishi haddan tashqari yuqoriligi sabab Rossiyadagi bir qator banklar dollar sotishni vaqtincha to‘xtatdi.

Rubl atrofidagi holat yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uzga bergan intervyusida sharh berdi.

Bu texnik masala, iqtisodiy omillarga bog‘liq emas”

— 12 iyun kuni AQSh Rossiyadagi bir nechta biznes sub’yektlari, yirik ishlab chiqaruvchilarga, davlat nazoratidagi yuridik shaxslarga sanksiyalar paketini kengaytirdi. Bu 12 iyun kuni tushdan keyin soat 3-4 larda ma’lum bo‘ldi, ish kuni yakunlanishiga yaqin xabar berildi. Moskva birjasi, uning kliring palatasi, depozitariysi sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan. Bu shuni anglatadiki, sanalgan uchta sub’yekt endi dollardagi operatsiyalarni amalga oshira olmaydi. Kechga yaqin valuta birjasi “ertadan biz qimmatli qog‘ozlar, metallar va valuta platformasida savdolarni dollarda amalga oshirmaymiz”, deb bayonot berdi. Ertalab Hongkong dollarida ham savdolar to‘xtatildi, chunki Hongkong dollari ham Moskva birjalarida savdosi mavjud edi. U dollarga qattiq bog‘langan, bunday valutalar dollarning funksiyasini o‘zida aks ettiradi. Bu xavotir uyg‘otdi. Ammo bu iqtisodiy hodisa emas, iqtisodiy motivlarga asoslangan omil emas. Chunki bu yerda import oshib ketayotgani yo‘q, eksport tushib ketayotgani yo‘q. Rubl kursiga ta’sir qiladigan fundamental motivlar yuz berayotgani yo‘q. Texnik holat yuz beryapti. Bu shu paytgacha bozor ishtirokchilari bo‘lgan sub’yektlarga yetarli darajada ta’sir qiladi. Bugundan birjada savdolar amalga oshmagani uchun eksportchilar birjaga tushumini olib chiqib sota olmadi, importchilar dollar sotib ololmadi. Bozorda yetarli darajada sotuvchilar va sotib oluvchilar mavjud bo‘lmagani uchun kurs qanday o‘zi, bugun savdolar qanaqa lotlarda amalga oshiriladi, degan mavhumlik paydo bo‘ldi.

Rossiya Markaziy banki endi biz har kunlik dollar kursini tijorat banklarining o‘zlarining mijozlar bilan birjadan tashqaridagi xaridlar va sotuvlar orqasidan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida aniqlaymiz deyapti. Ilgari y bozor ishtirokchilari valuta birjasidagi kursning o‘zgarishini, qancha hajmda valuta sotilayotgani yoki sotib olinayotganini ko‘rib turardi. Hozir shu narsa yo‘q, o‘z -o‘zidan banklar o‘zlarini himoyalash uchun sotib olish kurslarini keskin pasaytirdi, sotib olish kurslarini keskin yuqorilashtirdi. Juda ko‘p Rossiya banklarida dollarni sotib olish kursi 50-60 rubl, sotish kursi 120 rubldan 200 rublgacha bo‘lgan farqni ko‘rasiz. Chunki ertaga kurs qanday shakllanishini hech kim bilmaydi. Markaziy bank tomonidan yetarli darajada signallar berilgani yo‘q. Hali ular signal berishi uchun yuz berayotgan hodisalarni to‘la anglab olishi kerak.

Migrantlar pul o‘tkazmalarini amalga oshirmay turgani ma’qul”

— Endi bizning mehnat migrantlarimiz, eksportchilarimiz, importchilarimiz nima qilishi kerak degan savol tug‘iladi. Kutib turish kerak. Urush boshlangan 2022 yilda ham aytgandim, hali Markaziy bank o‘zining siyosatini to‘liq belgilab olmagan bir paytda kurs keskin o‘ynash holatlari yuz bergandi. 1 hafta-10 kunda Markaziy bank aniq qadamlar qo‘yishni boshlagach, muvozanat shakllanishga qarab yurdi. Bu safar ham shunday bo‘ladi. Mehnat migrantlarimiz o‘ta zarurat bo‘lmaganda valuta sotib olmasligi va sotmasligi kerak. Tadbirkorlarimiz ham shu kunlarda iloji boricha rublda eksport import bitimlarini tuzmasligi, to‘lovlarni ham shu kunlarda amalga oshirmay turgani ma’qul. Noaniqlik yuqori chunki. Regulyator o‘zi aniq qadamlarni hali qo‘ymadi.

O‘zbek banklari o‘zlarini himoyalayapti”

— 13 iyunda ayrim o‘zbek banklari Rossiya rezidentlari bilan valutadagi operatsiyalarni to‘xtatishni e’lon qildi. Bu ham to‘g‘ri qaror. AQSh sanksiyalarining kengaytirilishida ikkilamchi sanksiyalarning kengaytirilishi prinsipi bor. Endi istalgan sanksiyaga tushgan, mohiyati bo‘yicha Rossiya harbiy salohiyatini oshirishga urinayotgan sub’yektlar bilan tranzaksiyalarga kirishgan o‘zbek banklari ham sanksiyalarga tushishi mumkin. Sanksiyalarning changali yanada chuqurlashtirildi. O‘zbek banklari o‘zlari uchun detallarni aniqlashtirib olgunicha bu to‘g‘ri qaror. Xavotirga tushishga asos yo‘q , bu texnik masala. Agar bu sof iqtisodiy omillar bilan bog‘liq bo‘lganida xavotirga tushishga arzirdi.

Shu paytgacha rublni olish va sotish o‘rtasidagi farq yuqori edi. Risklarni minimallashtirish uchun katta spred ushlanardi. Chunki toki kliring bo‘lguncha rubldagi tushum kliringdan o‘tguncha yarim kun, bir kunda yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. Shu spred yanada kengayishini inobatga olish kerak. Banklar rublni 130 so‘mdan sotib olib, 145 so‘mdan sotib kelgan bo‘lsa, o‘rtadagi 10 foizlik spred yanada oshadi. Banklar o‘zini o‘zi himoya qiladi. Sotib olish kurslari yana yuqorilaydi, sotish kurslari yanada pasayadi. Bu birinchi oqibat deb o‘ylayman.

Ikkinchi oqibat, eksportchilarimiz oldindan baholay olishi kerak. Oldin ham ko‘p gapirilgan iloji boricha Rossiya bilan eksport shartnomalarini tuzganda rublda emas, yuanda (Rossiyada keng likvidlikka ega) tuzishga harakat qilish lozim. Yuandagi tushumlar harakat erkinligimizni beradi. Rubldagi tushumlar Rossiyadan import uchungina ishlatilishi mumkin. Yuandagi tushumlardan esa Hindiston, Xitoy, Janubiy sharqiy osiyodagi mamlakatlar bilan savdo operatsiyalarini amalga oshirishingiz mumkin. Ya’ni qamrovi ancha keng. Bu bilan yuan yechim demoqchi emasman. Hozirgi vaziyatda bizga kamroq ziyon yetadigan variantni tanlashimiz kerak.

So‘mga qanday risk bor?

— Markaziy bank 13 iyundagi asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish yuzasidan qaroriga oid relizda asosiy tezislardan biri so‘mning real samarali almashinuv kursi mustahkamlanishiga oid ishora bo‘ldi. Buni nimadan dalolat beradi. Bu bizning asosiy savdo hamkorlarimiz Rossiya, Xitoy, Qozog‘istonning valutalariga nisbatan so‘m nisbiy barqarorligini saqlaydi. Bu yaqin istiqbol haqida. Yana bir ishora tashqi savdo defitsiti kamayib borishiga oid. Har xil omillar, ma’muriy choralar natijasida defitsit kamaygani uchun so‘mga bosim ham kamayadi. Fikrimcha, o‘zbek so‘mi yaqin istiqbolda, MBning navbatdagi yig‘ilishigacha favqulodda biror omil yuz bermasa, barqaror qoladi.

Rubl borasida fikrim shunday, iloji boricha rublga nisbatan kursni belgilashda diskont qo‘llash kerak. O‘zbek so‘mi rublni baquvvat holda qo‘llab quvvatlamasligi kerak. Qaytanga teskarisi qilinishi kerak. Butun dunyoda, atrofimizdagi mamlakatlarda rublning kursi tushgan holda, o‘zbek so‘miga nisbatan rublning qadri oshdi. Bu bilan ko‘pchilik migrantlarning O‘zbekistonga yuborayotgan rublidan ko‘proq so‘m olishini ta’minlayapmiz deyishi mumkin. Lekin bu makroiqtisodiy nuqtayi nazarda to‘g‘ri bo‘lmagan qaror.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid