O‘zbekiston | 08:20 / 22.06.2024
2476
2 daqiqa o‘qiladi

Bank sirini oshkor etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

O‘zbekistonda bank sirini oshkor etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.

Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sir tutiladigan axborotlarni himoyalashga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha bilan tijorat va bank sirini oshkor qilish uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilib tijorat, bank, soliq yoki sug‘urta siri hisoblangan axborotdan noqonuniy foydalanish, to‘plash yoxud oshkor qilish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Jazo tariqasida BHMning 100 baravaridan 250 baravarigacha (34 million so‘mdan 85 million so‘mgacha) jarima yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish belgilanmoqda.

Og‘irlashtiruvchi holatlarda ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilmoqda. 

Ya’ni, ushbu harakatlar:

  • takroran yoki xavfli residivist tomonidan;
  • shaxs tomonidan o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
  • ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — BHMning 250 baravaridan 500 baravarigacha (85 million so‘mdan 170 million so‘mgacha) jarima yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash rejalashtirilmoqda.

Ushbu harakatlar:

  • juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
  • mansabdor shaxs tomonidan;
  • uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa — ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid