08:07 / 24.06.2024
57684

Dog‘istondagi hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?

Qurbonlar soni oshgan, hujum qilganlar o‘ldirilgan.

Foto: GYANZHEVI GADZHIBALAYEV/TASS

20 kishi, jumladan 15 nafar politsiyachi yakshanba kuni Dog‘istonning Derbent va Mahachqal’a shaharlaridagi pravoslav ibodatxonalari, sinagoglar hamda yo‘l-patrul xizmati postiga hujumlar oqibatida halok bo‘lgan.

Respublikada aksilterror amaliyotlar rejimi joriy etildi, ikki shaharda ham janglar tun yarmiga qadar davom ettirildi.

Soat 23:00 dan o‘tganidan keyin Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi Derbentda maxsus amaliyotning faol bosqichi yakunlangani haqida xabar qildi.

Tunda qo‘mitadagilar amaliyot davomida besh nafar terrorchi o‘ldirilganini ma’lum qildi.

«Derbentda o‘tkazilgan jangovar tadbirlar yakunida ikki bandit bartaraf etildi, Mahachqal’ada esa — uch bandit», — deyilgan xabarda.

Bungacha o‘ldirilgan jangarilar soni olti nafar ekani xabar qilingandi — Mahachqal’ada to‘rt, Derbentda ikki kishi. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ham hujum qilgan olti kishi o‘ldirilgani haqida aytgan.

Shu bilan birga, hujum qilganlar soni qancha bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi jangarilarning sheriklari qidirilayotgani to‘g‘risida xabar bergan.

Qurbonlar va jarohatlanganlarning ko‘pchiligi — politsiya xodimlari. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 nafar politsiyachi hamda tinch aholi vakillaridan besh kishi halok bo‘lgan. 46 kishi jarohatlangan.

«Politsiyaning 15 xodimi bugungi terakt qurbonlari bo‘ldi», — deya yozgan Dog‘iston rahbari o‘z telegramida dushanbaga o‘tar kechasi. U oddiy fuqarolar orasida ham qurbonlar borligini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi «terakt» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

TASS va RBK manbalari Derbent va Mahachqal’aga hujum qilganlar — xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorlari bo‘lganini aytishgan. «Hujum qilganlarning harakatlari, ularning hayqiriqlari va tashqi qiyofasiga qaraganda, terrorchilar xalqaro islomiy terrorchilik tashkilotiga aloqdor bo‘lishgan», — degan RBK manbasi tashkilot nomini ochiqlamagan holda. OAV ma’lumotiga ko‘ra, jangarilarning ayrimlari vahhobiylar doiralariga a’zo edi.

Dog‘istonda uch kunlik motam e’lon qilingan. U 24, 25 va 26 iyun kunlari davom etadi. Dog‘istondagi teraktlar yuzasidan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari hamdardlik bildirgan. RF prezidenti Vladimir Putin hozircha hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan.

Voqealar qanday rivojlandi?

Derbent va Mahachqal’ada otishma bo‘layotgani haqida xabarlar yakshanba kuni kechga tomon paydo bo‘la boshladi.

Derbentda noma’lum shaxslar Lenin ko‘chasidagi Bibi Maryam shafoat cherkoviga hamda Tagi-Zade ko‘chasidagi Kele-Numaz sinagogiga hujum uyushtirgan.

Hujum qilganlar cherkov va sinagog binolarini avtomatlardan o‘qqa tutgan, deb xabar beradi IIV. Hujum natijasida sinagogda yong‘in boshlangan.

Rossiya yahudiylar kongressi aniqlik kiritishicha, Derbentdagi sinagogga hujum kechki ibodat boshlanishi arafasida amalga oshirilgan.

Xuddi shu vaqtda noma’lum shaxslar Mahachqal’ada otishma boshlagan. Bu yerda Yermoshkin ko‘chasidagi yo‘l-patrul posti, shuningdek yaqin atrofdagi sinagog o‘qqa tutilgan.

Shuningdek, Ordjonikidze ko‘chasidagi Avliyo Uspenskiy kafedral sobori atrofida ham otishma ro‘y bergan.

Hujum vaqtida cherkovga 19 kishi qamalib olgan — ular ruhoniylar va ibodatga kelgan dindorlar edi. Keyinroq IIV xodimlari ularni xavfsiz joyga olib chiqishgan.

Mahachqal’adan 65 km janubda joylashgan Sergokala qishlog‘ida ham otishma kelib chiqqan.

Bu yerda noma’lum shaxslar politsiya mashinasini o‘qqa tutgan, natijada xodimlardan biri jarohatlangan.

Qurbonlar to‘g‘risida nimalar ma’lum?

Mahachqal’adagi otishma

Rossiya IIV avvaliga kamida olti nafar politsiyachi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.

Dog‘iston muftiyati esa to‘qqiz kishi, jumladan ikki fuqaro hamda yetti politsiyachi halok bo‘lganini bildirdi.

Keyinroq Derbentda Dog‘iston chiroqlari (Dagestanskiye Ogni) shahri politsiya bo‘limi boshlig‘i og‘ir jarohat olgani xabar qilindi. Ko‘p o‘tmay u vafot etdi.

Tunda halok bo‘lgan politsiyachilar soni 15 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi.

Derbentdagi cherkovga hujum oqibatida protoiyerey Nikolay Kotelnikov va cherkov qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Rus pravoslav cherkoviga ko‘ra, Kotelnikov cherkovda 40 yildan buyon xizmat qilib kelardi. Dog‘iston jamoatchilik kuzatuvi kengashi ruhoniyni bo‘g‘izlab o‘ldirishganini ma’lum qilgan.

Hujum qilganlarning shaxsi bo‘yicha rasmiy ma’lum qilinmagan. Rossiya nashrlari xabariga ko‘ra, o‘ldirilgan jangarilardan uch nafari Dog‘istonning Sergokalinskiy rayoni rahbarining o‘g‘illari va qarindoshlari bo‘lgan.

Sergokalinskiy rayoni rahbari Magomed Omarov qo‘lga olingan va so‘roq uchun olib ketilgan, deb xabar beradi RIA Novosti kuchishlatar tuzilmalardagi manbasiga tayanib.

«Magomed Omarov qo‘lga olingan va tergov qilinmoqda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, teraktda ishtirok etgan jangarilar orasida uning o‘g‘illari ham bo‘lgan», — degan agentlik suhbatdoshi.

Dushanbaga o‘tar kechasi Omarov «Yedinaya Rossiya» partiyasidan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top