O‘zbekiston | 21:15 / 25.06.2024
7101
6 daqiqa o‘qiladi

25 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Nomaqbul chet el fuqarolari to‘g‘risidagi qonun, Denovdagi savdo majmuasida yong‘in, Qamchiqdagi dahshatli avtohalokat va ukalari bilan katta yo‘lga «sayrga» chiqqan samarqandlik qizaloq. 

Nomaqbul chet el fuqarolari to‘g‘risidagi qonun

Qonunchilik palatasi deputatlari chet el fuqarolarining O‘zbekistonda bo‘lishini nomaqbul deb topish to‘g‘risidagi o‘zgartirishlarni uchinchi o‘qishda qabul qilishdi.

Qonun bilan O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish shaxsni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini nomaqbul deb topish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur toifadagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan. 

Mis sanoatida 10 ming yangi ish o‘rni

Vazirlar Mahkamasining «Xomashyodan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan ko‘p pog‘onali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan mis sanoati klasterini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston mis sanoatida yangi quvvatlar tashkil etish hisobiga 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratmoqchi. Bu O‘zbekistonning 2030 yilgacha mis sanoati klasterini rivojlantirish konsepsiyasida o‘z aksini topgan.

2030 yilga borib misning yillik ishlab chiqarish hajmi 400 ming tonnaga yetkaziladi va uning 300 ming tonnadan ortig‘ini sanoatda qayta ishlanadi;

Jumladan, elektrotexnika va maishiy texnika ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga 1,5 mlrd dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilish hisobiga, umumiy ishlab chiqarish hajmi 8 mlrd dollarga yetkaziladi. 

5 oyda 162 ming 608 ta avtomobil

O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-may oylarida 162 ming 608 dona avtomobil ishlab chiqarilgan. 2024 yilning 5 oyida UzAuto Motorsʼning O‘zbekiston bozoridagi ulushi qariyb 90 foizni tashkil qildi

2024 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning 89 foizi UzAuto Motors, 7,2 foizi ADM Jizzakh, 3,5 foizi BYD hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Denovdagi savdo majmuasida yong‘in

Surxondaryo viloyati Denov tumani Bobur mahallasida joylashgan «Bek» MChJga qarashli savdo majmuasi hududidagi 4 ta asosiy va 8 ta kichik savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgan.

90 kvadrat metr maydondagi buyum hamda kiyim-kechaklar yong‘indan zararlangan.

Voqea joyiga Denov, Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘on tumanlari FVBning 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 02:20 da yetib borib, yong‘in soat 02:30 da qurshab olingan va soat 03:50 da batamom o‘chirilgan.

O‘t o‘chiruvchilarning sa’y-harakatlari natijasida majmua boshqa hududlariga yong‘in tarqalishining oldi olingan va 48 ta savdo do‘koni hamda 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.

Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagani xabar qilinmoqda. 

Qamchiqdagi dahshatli avtohalokat

Qamchiq dovonida yuk mashinasi YTHga uchrab, majaqlanib ketdi. Yuk mashina Turkmanistonniki ekani va haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgani aytilmoqda. Hodisa yuzasidan hozircha rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q. 

Ijtimoiy tarmoqlarda A-373 — «Toshkent–O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida tez harakatlangan yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ag‘nab ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Oqibatda yuk mashinasi majaqlanib ketgan.

Guvohlarga ko‘ra, hodisa 2024 yil 23 iyun kuni kunduzi Namangan viloyati hududida sodir bo‘lgan. Turkmanistonga tegishli yuk mashinasi dovondagi yo‘ldan pastga tushayotganda haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda, katta tezlikda harakatlangan yuk mashinasi yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘darilgan. Haydovchi hodisa joyida halok bo‘lgani aytilmoqda. 

Samarqandda bolakaylar skuterda «sayr»ga chiqishdi

Samarqand viloyatida skuterda katta yo‘l yoqasida harakatlanib ketayotgan 7 yoshli qizaloq va uning ikki nafar ukasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan ota-onasiga sog‘-omon topshirildi.

2024 yil 23 iyun kuni Samarqand tumani hududida 7 yoshlik qizcha skuterga 5 va 2 yoshli ukalarini mindirib, M-37A xalqaro avtomobil yo‘li chetida harakatlangan.

Yo‘l patrul xizmati xodimlari bolalarning manzilini aniqlab, ularni ota-onasiga olib borib topshirishgan.

Mavzuga oid