Jahon | 18:57 / 26.06.2024
5397
2 daqiqa o‘qiladi

«Netanyahu mintaqani halokat sari yetaklamoqda» - Rajab Toyyib Erdo‘g‘an

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Lavanga bostirib kirish borasidagi rejalariga izoh berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Foto: sanayigazetesi.com.tr

«Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Livan hududiga harbiy yo‘l bilan bostirib kirish borasidagi rejalari butun mintaqada keng ko‘lamli halokat keltirib chiqarishi mumkin», — degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yig‘ilishida qilgan chiqishida.

«Aftidan, Isroil G‘azo sektorining kulini ko‘kka sovurib, endi Livanga ko‘z tikkanga o‘xshayapti. Netanyahuning urushni butun mintaqaga yoyish rejalari katta halokatga sabab bo‘ladi», — deya Turkiya yetakchisining so‘zlarini keltirmoqda Anadolu agentligi.

Turkiya davlat rahbarining ta’kidlashicha, islom olami va Yaqin Sharq mamlakatlari bu «qonli reja»ga birinchi bo‘lib reaksiya bildirishlari kerak.

«Turkiya birodar Livan xalqi va davlatini qo‘llab-quvvatlaydi. Men boshqa davlatlarni ham Livan bilan birdamlik ko‘rsatishga chaqirib qolaman», — degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti G‘azodagi jinoyatkorona xatti-harakatlari fonida Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb davlatlarini ham keskin tanqid ostiga olgan.

«Biz G‘arb davlatlari parda ortida turib, Isroilga zimdan yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘rib-bilib turibmiz. Erkinlik, inson huquqlari va adolat haqida tinmasdan takrorlaydigan davlatlar Netanyahu singari ruhiy nosog‘lom insonning asiriga aylanganini ko‘rish favqulodd og‘ir va taassuflidir», — degan Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid