Jahon | 09:30 / 16.07.2024
1576
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada «Hizbulloh»ga a’zolikda gumon qilingan shaxs ushlandi

Fadel Z. «Livanga olib ketilishi va Isroilga hujumlar uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan» dronlarni yig‘ish bo‘yicha komponentlar, xususan dvigatellar sotib olganlikda gumon qilinmoqda.

Foto: Reuters

Quyi Saksoniya federal yeri shimoli-g‘arbidagi Zalsgitter shahrida Livanning «Hizbulloh» shia harakatining a’zosi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni Germaniya federal prokuraturasi ma’lum qildi.

Xabarda keltirilishicha, qo‘lga olingan Fadel Z. «Livanga olib ketilishi va Isroilga hujumlar uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan dronlarni yig‘ish bo‘yicha komponentlar, xususan dvigatellar» sotib olganlikda gumon qilinmoqda. Huquq-tartibot idoralari livanlik «2016 yil yozigacha» «Hizbulloh»ga qo‘shilganini da’vo qilmoqda.

Dushanba kuni Fadel Z. sudga keldi va sud uni ayblovlar e’lon qilingunga qadar hibsda qolishni buyurdi. 

«Hizbulloh» Germaniyada taqiqlangan 

AQSh, Germaniya va qator sunniy arab davlatlari «Hizbulloh»ni terrorchi tashkilot deb biladi, Yevropa Ittifoqi esa faqat uning harbiy qanotini terrorchi guruh deb biladi.

Qurolli guruh poytaxt Bayrutning asosan shialar istiqomat qiladigan hududlari, shuningdek, Livan janubi va sharqidagi hududlarni nazorat qiladi. «Hizbulloh» siyosiy qanoti bosh vazir Najib Mikatiy boshchiligidagi mamlakat koalitsion hukumatidagi asosiy partiyalardan biri hisoblanadi.

Germaniyada «Hizbulloh» faoliyati 2020 yildan beri taqiqlangan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid