Jamiyat | 16:34 / 21.07.2024
6146
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda xorijdagi eriga jahl qilib, bolalarini kaltaklagan ayolga jazo qo‘llandi

Bolalar ombudsmani bolalarda jarohat aniqlanmagani va unga nisbatan jarima qo‘llanganini bildirdi. Ayol «farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ona» sifatida ro‘yxatga olindi.

Foto: Videodan kadr

Buxoro viloyati Jondor tumanida ayol xorijdagi eri ularning holidan xabar olmayotgani va yetarlicha pul jo‘natmayotganiga jahl qilib, 3–4 yoshli qizlarini kaltaklagandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, ushbu ayolga nisbatan jarima qo‘llandi.

Uning ma’lum qilishicha, 2020 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O‘.S. va 2021 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O‘.S.da hech bir darajadagi tan jarohati aniqlanmagan.

Shu bilan birga, I.M.ning o‘z bolalariga nisbatan nomaqbul harakatlarida MJtKning 47-moddasi 1-qismida (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanib, joriy yilning 20 iyul kuni tegishli jarima jazosiga tortildi va farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ona sifatida ro‘yxatga olindi. 

O‘z farzandlariga ziyon yetkazishini oldini olish maqsadida onaga nisbatan maxsus ijtimoiy choralar ko‘riladi.

«Holat 9 iyul kuni Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi ayol I.M. tomonidan sodir etilgan. Uning turmush o‘rtog‘i N.B. bir necha yildan buyon xorijda ishlab kelayotgan bo‘lib, eri oilasidan xabar olmayotgani, yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahli chiqib, ayol qizlari O‘.S. (2020 yilda tug‘ilgan) va O‘.S. (2021 yilda tug‘ilgan)ni urib, kaltaklab, videotasvirga olgan va eriga jo‘natgan», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid