O‘zbekiston | 18:10 / 21.07.2024
11111
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi rahbar qo‘l ostida: Raqobat qo‘mitasi sezilarli faollashdi

Raqobat qo‘mitasiga yangi rahbar tayinlangach, qo‘mita faoliyatida jonlanish kuzatilmoqda. Oxirgi bir necha hafta ichida qo‘mita bir qator korxonalarni raqobat yoki reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan deb topib, ularga nisbatan chora ko‘rdi.

To‘xtab qolgan lift importi – hukumatga takliflar berildi

Qo‘mita dastlab lift importining sun’iy tarzda to‘xtatib qo‘yilgani yuzasidan hukumatga murojaat qildi. 4 oydan beri to‘xtab turgan lift importi tiklanmasa, bu mahalliy ishlab chiqaruvchining foydasiga ishlab, sohada salkam monopoliyani yuzaga keltiradi. Monopoliyaga qarshi organ bu vaziyatda importyor korxonalarning bekor qilib yuborilgan muvofiqlik sertifatlarini tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazishga xususiy sektorni jalb qilishni ilgari surdi. Hozircha bu takliflarga hukumat idoralari ochiq munosabat bildirganicha yo‘q.

Lukoyl” keysi

Raqobat qo‘mitasi lift bozoridan tashqari, texnik oltingugurt bozorida ham narxlar sezilarli oshganiga e’tibor qaratdi. Qo‘mitaning o‘rganishlariga ko‘ra, yuqori darajada monopollashgan va narxlari birjada belgilanadigan oltingugurt o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha qimmatlashib ketgan. Bu esa zanjir reaksiyasi orqali boshqa tovarlarning ham narxi oshishiga olib keladi. Qo‘mita o‘rganishlari natijasiga ko‘ra, Rossiyaning “Lukoyl” shirkati shu’basini o‘zining bozordagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilgan deb topdi. Ya’ni monopolistlar reyestridagi kompaniya birjaga ataylab kam mahsulot chiqarish orqali, narxlar oshishiga erishgan. Endilikda qo‘mitaning talabiga ko‘ra, “Lukoyl” asossiz olgan daromadini qaytarishi kerak. Biroq kompaniyaning bu talabga munosabati hozircha ma’lum emas. Talab rad etilgan taqdirda masala sudda hal qilinadi.

Maksam-Chirchiq” keysi

Bundan tashqari, mineral o‘g‘it narxlarini o‘rtacha 10 foizdan 15 foizgacha asossiz oshirgani uchun “Maksam-Chirchiq” zavodiga nisbatan ham ish qo‘zg‘atilgan. O‘g‘itlar narxi oshishi kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi qimmatlashiga olib keladi. Hozircha bu ish natijasi bo‘yicha qo‘mitaning qarori e’lon qilinganicha yo‘q.

“Korzinka” keysi

Muhokamalarga sabab bo‘lgan keyslardan yana biri – “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining reklama qonunchiligini buzgan deb topilishi bo‘ldi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organiga ko‘ra, “Korzinka”da “eng arzon narx” deb e’lon qilingan muayyan turdagi mahsulotlarning narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmaydi. Bu esa xaridorlarni chalg‘itishi mumkin. Davlat organi mamlakatdagi eng yirik supermarketlar tarmog‘ini jarimaga tortish uchun sudga ariza kiritishini ma’lum qilgan.

“Korzinka” bu ayblovni asossiz deb hisoblamoqda. Supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, “Kundalik xaridlarga eng arzon narx” – bu reklama kampaniyasi emas, balki “Korzinka”ning yangi narx siyosati hisoblanadi. Bu dastur doirasida eng xaridorgir mahsulotlar narxiga supermarket qo‘yadigan ustamalar pasaytirilgani, chakana savdoda hech qaysi sotuvchi kundalik tovarlar uchun “Korzinka”chalik keng qamrovli va doimiy past narxlarni bermayotgani aytilmoqda. Shu tariqa, bu keysning yakuni sudda hal bo‘lishi kutilmoqda.

“Inson” sug‘urta tashkiloti

Bundan tashqari, shu oy davomida Raqobat qo‘mitasi “Inson” sug‘urta tashkilotiga nisbatan ham ish qo‘zg‘atdi. Sug‘urta kompaniyasi haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan elektron sug‘urta polislari bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lab bermagani bunga sabab bo‘lgan.

20 mlrd so‘m asossiz daromad olgan klasterlar

Qonunbuzar deb topilgan kompaniyalar ro‘yxatida ko‘plab paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlari ham bor. Ular birinchi yarim yillik davomida birjadagi manipulyatsiyalar orqali jami 20 mlrd so‘m asossiz daromad olgan, deb topildi. Qo‘mitaning qayd etishicha, agar bu holatga chora ko‘rilmasa, klasterlarning hiylasi oxir-oqibat oziq-ovqat va trikotaj mahsulotlari qimmatlashishiga olib kelgan bo‘lardi.

Ortiqcha to‘lov hisoblagan HET

Bahouddin Naqshband majmuasiga 115 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblagani uchun Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga ham ish qo‘zg‘atildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, diniy tashkilotlar kommunal xizmatlarga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘laydi. Ammo Buxoro hududiy elektr tarmoqlari Bahouddin Naqshband majmuasiga amalda belgilangan tariflarni oshirib qo‘llagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabr oyida Shohruh Shorahmedov Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgandi. Qo‘mitaga yangi rahbar shu yil iyun oyiga kelibgina tayinlandi. Bungacha Oliy sud raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Xalilillo To‘raxo‘jayev Raqobat qo‘mitasidagi faoliyatining ilk kunlarida katta yig‘ilish o‘tkazib, qo‘mita faoliyatining sustligini tanqid qildi, bir qator mansabdorlarga ogohlantirish berdi.

Ma’lumot uchun, Xalilillo To‘raxo‘jayev 2017-2020 yillar oralig‘ida Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimida ishlagan va shu paytda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” shiori ostida qog‘ozbozlikka qarshi faol kurashgani bilan o‘zining ijobiy imijini yaratgani aytiladi.

Mavzuga oid