Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil futbol maydonidagi o‘limlar uchun «Hizbulloh»ga qarshi javob zarbalari yo‘lladi
Isroil «Hizbulloh» harakatining Livandagi obektlari bo‘ylab aviazarbalar yo‘lladi, bu Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklariga raketa zarbasi oqibatida 12 nafar o‘smir va yosh yigitlar halok bo‘lganiga javoban amalga oshirilgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, futbol maydoniga hujum oqibatida halok bo‘lganlarning yoshi 10 dan 20 yoshgacha bo‘lgan.
Isroil hukumati Majdal-Shams tumanidagi futbol maydonida ro‘y bergan hodisa uchun javobgarlikni Livandagi shialarning «Hizbulloh» harakati zimmasiga yuklagan. Harbiy guruh esa ushbu holatga aloqadorligini rad etgan.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati isroilliklarning harbiy-havo kuchlari Livanning ichkari hududlarida «Hizbulloh» obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘llangani haqida xabar qilgan. Hozircha bu zarbalar oqibatlari haqida ma’lumot yo‘q.
Eskalatsiya Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida keng ko‘lamli urushga aylanishi mumkin, 2023 yil oktyabrida G‘azoda urush boshlanganidan keyin ikki tomon ham bir-birini muntazam ravishda o‘qqa tutib kelmoqda.
The Times of Israel xabariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ro‘y bergan hodisani izohlarkan, mamlakat «bunga jim qarab turmasligi»ni aytgan, mudofaa vaziri Yoav Galant esa «dushmanga kuchli zarba berilishi»ni va’da qilgan.
Isroil mudofaa armiyasidagilar tasdiqlashicha, tungi zarbalar qurol omborlari va «terrorchilik infratuzilmalari» bo‘ylab berilgan.
«Hizbulloh» media-ofisi rahbari Muhammad Afif esa harakat Isroil shimolidagi «Majdal-Shamsda ro‘y bergan hodisaga qandaydir aloqadorligi»ni rad etgan va barcha ayblovlar yolg‘onligini aytgan.
U futbol maydonida odamlar halok bo‘lishiga isroilliklar havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi parchalari tushishini sabab qilib ko‘rsatgan.
Ushbu fojiadan biroz oldinroq «Hizbulloh» to‘rt zarba, xususan, Xermon tog‘i etagidagi «Xermon» brigadasi harbiy shtabiga yo‘llangan zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Baza portlash ro‘y bergan futbol maydonidan taxminan uch kilometr masofada joylashgan.
Odamlar halok bo‘lgan joyga kelgan TsAHAL spikeri Daniel Hagari «Hizbulloh» hodisaga aloqadorligini inkor etib, aldayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba eronliklar ishlab chiqargan va «faqatgina „Hizbulloh“ga tegishli bo‘lga» Falaq-1 raketasi bilan berilgan.
Bolalar va o‘smirlar halok bo‘lgan Majdal-Shams tumanida druzlar istiqomat qiladi. Isroildagi druzlar rahnamosi, shayx Muafaq Tarif futbol maydonida odamlar o‘limini «mumkin bo‘lgan barcha qizil chiziqlar»ni bosib o‘tadigan «dahshatli qon to‘kilishi» deb atagan.
«Normal davlat o‘z fuqarolari hamda aholisi doimiy ravishda zarar ko‘rishiga yo‘l qo‘ya olmaydi. Shimoliy hududlarda bu to‘qqiz oydan buyon davom etmoqda», — degan u.
Livan hukumati qisqacha bayonot bilan chiqdi va tinch aholi vakillariga qarshi har qanday zo‘ravonlik va tajovuzkorlik harakatlarini qoralashini bildirib, barcha frontlarda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori Tor Vennesland Majdal-Shamsga hujumni qoralagan va tomonlarni tiyilishga chaqirgan.
«Yaqin Sharq halokat yoqasida turibdi; dunyo va mintaqa mamlakatlari yana bir ochiq mojaroga yo‘l qo‘ymasligi kerak», — deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Mavzuga oid
09:17 / 20.06.2026
OAV: Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida sulh tuzildi
17:56 / 19.06.2026
«Tramp sizning yagona ittifoqchingiz» – Vens ham Isroilni tanqid qildi
14:15 / 18.06.2026
Livanga yana hujum bo‘lsa, kelishuv taqdiri so‘roq ostida qoladi – Umrbek Yusupov
09:25 / 18.06.2026