Jahon | 11:40 / 28.07.2024
14685
5 daqiqa o‘qiladi

Jo‘lan tepaliklari o‘qqa tutilishi oqibatida 12 bola halok bo‘ldi

Qurbonlarning barchasi 10-20 yosh oralig‘idagi bolalar va o‘smirlar. Zarba bolalar futbol o‘ynayotgan stadionga kelib tushgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangan. Isroil bu hujumda «Hizbulloh»ni ayblamoqda, livanliklar rad etgan.

Foto: Hassan Shams / AP / Scanpix / LETA

Isroil tomonidan nazorat qilinadigan Jo‘lan tepaliklari o‘qqa tutilishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, yana o‘ttiz nafar atrofidagi odam jarohatlangan. Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan hududdagi futbol maydoni hujumga uchragan.

Isroil mudofaa armiyasi raketalardan biri Majdal-Shams tumaniga kelib tushgani haqida xabar bergan.

Xabarlarga ko‘ra, jarohatlanganlarning ham ko‘pchiligi bolalar va o‘smirlardir.

Haqiqiyligi tasdiqlangan videoda futbol maydonida yig‘ilgan odamlar aks etgan; unda shuningdek jabrlanganlar zambillarda tez yordam mashinalari yetib kelishini kutgan holda yotganini ko‘rish mumkin.

Isroillik harbiylar hujumda Livandagi shialarning harbiylashgan «Hizbulloh» harakatini ayblagan, livanliklar guruhi media-ofisi rahbari Muhammad Afif esa Isroil shimolidagi «Majdal-Shamsda ro‘y bergan hodisaga qandaydir aloqadorligi»ni rad etgan va barcha ayblovlar yolg‘onligini aytgan.

Ammo zarba oqibatlari aks etgan kadrlar paydo bo‘lishidan oldinroq «Hizbulloh» to‘rt zarba, xususan, Xermon tog‘i etagidagi «Xermon» brigadasi harbiy shtabiga yo‘llangan zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Baza portlash ro‘y bergan futbol maydonidan taxminan uch kilometr masofada joylashgan.

The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, 27 iyul kuni kechqurun Isroil janubi bo‘ylab o‘nlab raketalar uchirilgan.

Bu hujumlar Isroilning Livan hududiga yo‘llangan va to‘rt nafar jangari halok bo‘lgan zarbasiga javoban amalga oshirildi.

Ayni vaqtda AQShda bo‘lib turgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu vatanga rejalashtirilganidan oldinroq qaytishini ma’lum qilgan. Shanba kuni yordamchilari uni vaziyat haqida xabardor qilgan.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Israel Kats Isroilning «12-kanal»i efirida shunday degan: «Biz katta urush qarshisida turibmiz».

Isroil prezidenti Ishoq Hersog hodisani «qo‘rqinchli va shokka tushiruvchi falokat» deb atagan va «Isroil davlati o‘z fuqarolari hamda o‘z suverenitetini qat’iyat bilan himoya qilishi»ni bildirgan.

Livan hukumati qisqacha bayonot bilan chiqdi va tinch aholi vakillariga qarshi har qanday zo‘ravonlik va tajovuzkorlik harakatlarini qoralashini bildirib, barcha frontlarda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. «Tinch aholiga hujum xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish va insonparvarlik tamoyillariga ziddir», deyilgan bayonotda.

2023 yil oktyabrida Hamas a’zolari Isroilga hujum qilganidan keyin Isroil va Livan chegarasi ham notinch bo‘lib qolgan.

Majdal-Shams — Jo‘lan tepaliklaridagi to‘rtta aholi yashash manzillaridan biri bo‘lib, bu yerda 25 ming atrofidagi druzlar istiqomat qilib keladi — ular XI asrda paydo bo‘lgan shialarning diniy guruhi (firqa) hisoblanadi. Druzlar arab tilida gaplashadi.

1981 yilda, Isroil Jo‘lan tepaliklarini anneksiya qilganida (1967 yilga qadar bu hudud Suriya nazorati ostida edi; jahon hamjamiyatining aksar qismi ushbu hudud anneksiyasini tan olmagan), druzlarga Isroil fuqaroligi taklif etilgan, ammo ularning faqat bir qismi buni qabul qilgan. Ularning aksari hamon o‘zini Suriya fuqarolari deb bilishadi.

Isroilda Jo‘lan tepaliklaridagi druzlar ta’lim olish va ishlash huquqiga ega, ammo faqat Isroil fuqaroligini qabul qilganlargina ovoz berish huquqiga ega (shu bilan birga, ular armiyada xizma qilishga ham majbur).

Isroilning tan olingan hududlarida ham druzlarning jamoalari mavjud. Ular mamlakat aholisining atigi 1,5 foiz qismini tashkil etadi, barcha fuqarolar kabi huquqlarga ega hamda armiyaga chaqiriladi: ular Isroil mudofaa armiyasi harbiy xizmatchilari orasida yahudiylardan keyingi o‘rinda turuvchi eng yirik etnik guruh hisoblanadi.

Shanba kuni Netanyahu isroillik druzlar rahnamosi, shayx Muvafaq Tarifga ham qo‘ng‘iroq qilgan. «„Hizbulloh“ buning uchun misli ko‘rilmagan darajada to‘lov qiladi», — deya ishontirgan u.

Mavzuga oid