O‘zbekiston | 18:27 / 31.07.2024
4375
3 daqiqa o‘qiladi

Hazoraspda kasanachi dehqonning 1500 tut niholi nobud qilindi

Kasanachi sifatida pilla yetishtirish uchun shartnomasi bo‘lgan dehqonning 1500 tup tut nihollari traktor bilan payhon qilingan. Dehqon prokuraturaning harakatsizligidan shikoyat qilmoqda.

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida shartnoma asosida pilla yetishtirish uchun tut nihollarini ekkan kasanachi Otaboy Boboyev Kun.uz'ga murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi va o‘g‘li (kasanachilik uning nomiga rasmiylashtirilgan) Toshkentda bo‘lgan vaqtda, ekilgan tut nihollari boshqa bir sub’yekt tomonidan payhon qilinib, o‘rniga sholi ekib yuborilgan.

“Mana shu turgan joyimiz eski tutzor bo‘lgan, shu yerga 2024 yil 20 fevral kuni “Xorazm pilla” korxonasi bilan kasanachilik bo‘yicha shartnoma tuzib, aprel oyida 1500 tup tut ekkan edik. Har bir tup niholni 2 ming so‘mdan olganmiz, korxonaning o‘zi sotgan. Sotgan, olgan odamlarning hammasi bor.

May oyida meni ozgina mazam qochib, Toshkentga ketdim, o‘g‘lim orqamdan bordi. Shu vaqtda yerni tutlar bilan birga traktor bilan surib yuborishibdi, “kattalar” aytishdi deb, sholi ekib yuborishibdi.

21 iyun kuni tuman prokurorining oldiga borib, ariza bilan murojaat qildim. Kasanachi Boboyev Asqarning otasi ekanimni, tutlar nobud qilinganini aytdim. “Sizni haqqingiz yo‘q ariza berishga, siz faqat pillani boqib berasiz”, dedi. Dilshod ismli katta prokurorning qabuliga bordim. “Kimdan tut ko‘chatini olgansiz, kimlar ekkan, qachon ekkansiz, mana shu narsalarni yozib berasiz, 3-4 kunda ishingizni hal qilib beramiz” deyishdi. Mana bugun 17 iyul (dehqon videomurojaatni yozgan kun – tahr.), to‘rt kundan keyin bir oy to‘ladi ariza topshirganimga. “Kasanachining otasi bo‘la turib uning nomidan ariza berishga haqqingiz yo‘q” deyishdi. 1500 tup tutni buzilganiga prokuror indamasa, ichki ishlar indamasa, ekologiya indamasa?

Bu yerni avval o‘zim nihol ekishga tayyorlaganman, bu yerlar tashlandiq joy bo‘lgan”, – deydi Otaboy Boboyev.

Hazorasp tuman prokurori Dilshod Madirimov Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali suhbatda holatga izoh berish uchun avval holatni o‘rganib chiqishini aytdi. Ammo bir necha kun davomida qilingan takroriy qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Xorazm pilla” korxonasi ushbu yer bo‘yicha 19 iyun kuni boshqa bir kasanachi bilan shartnoma tuzgan, u esa tut ekilgan joyga sholi ekkan.

Mavzuga oid