Jahon | 14:37 / 05.08.2024
10636
6 daqiqa o‘qiladi

Mali Kiyev bilan aloqani uzdi

Mahalliy hukumat Ukrainani isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda. Avvalroq ukrain razvedkasi vagnerchilarga qilingan hujumga aloqadorligiga ishora qilgandi.

Foto: Getty Images

Mali Ukraina mudofaa vazirligi bosh vazvedka boshqarmasi vakilining mamlakat shimolida malilik askarlar va rossiyalik yollanma jangchilar  harbiy harakatlar o‘limiga olib kelgan harbiy harakatlar haqidagi izohi tufayli Kiyev bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qildi.

Isyonchi tuareglar G‘arbiy Afrikadagi ushbu mamlakat shimolida bir necha kunlik janglar vaqtida «Vagner»ning kamida 84 yollanma jangchisi hamda 47 nafar malilik askarni o‘ldirganini ma’lum qilgan. Bu «Vagner» isyonchi guruhlarga qarshi kurashda Mali harbiylariga yordam ko‘rsatish uchun ushbu mamlakatdagi mojaroga aralashganidan buyon o‘tgan ikki yil ichida rossiyaliklarning harbiy xususiy kompaniyasining eng yirik yo‘qotishi bo‘ldi.

Ukraina razvedkasi vakili Andrey Yusov ukrainlarning harbiy harakatlardagi ishtirokini tasdiqlamagan, ammo 29 iyul kuni Ukrainadagi teleefirda malilik isyonchilar hujumni amalga oshirish uchun kerakli ma’lumot bilan ta’minlanganini aytgandi.

«Isyonchilar rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy amaliyot o‘tkazishga imkon bergan zarur ma’lumotlarni olishgandi va bu hammasi emas», — degandi Yusov (iqtibos «Ukrainskaya pravda»dan).

Bir necha yil oldin davlat to‘ntarishi orqali Mali boshqaruviga kelgan harbiylar uning so‘zlarini og‘riqli qabul qilgan. O‘tish davri hukumati darhol Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qilgan.

Mali rasmiylari fikricha, Yusov «Ukraina qurollangan terrorchi guruhning Mali mudofaa kuchlari a’zolari o‘limiga olib kelgan qo‘rqoqlarcha, xoinlarcha va vahshiyona hujumidagi ishtirokini tan olgan» (iqtibos Reuters agentligidan).

«Ukraina hukumatining harakatlari Malining suverenitetini buzadi, tashqi aralashuv doirasidan chiqadi, bu o‘z-o‘zidan qoralashga loyiq va Maliga qarshi ochiq tajovuz hamda xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlash demakdir», — deyiladi Mali hukumati bayonotida.

Avvalroq Afrikaning boshqa mamlakatlarida ham Kiyev manziliga qaratilgan protestlar yangragandi. Senegal tashqi ishlar vaziri juma kuni Ukraina elchisi Yuriy Pivovarovni chaqirtirgan — bunga elchixona rasmiy sahifasida elchi «terrorchilik hujumini ochiqchasiga qo‘llagani» aks etgan video joylashtirilgani sabab bo‘lgan.

Kiyev Malining aloqalarni uzish borasidagi qaroriga rasman munosabat bildirmadi. Ukraina TIV vazir Dmitro Kuleba Afrika bo‘ylab turnega chiqqani haqida xabar bergan. U 
«o‘zaro hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish» va Ukraina uchun adolatli tinchlikni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun uch mamlakat — Malavi, Zambiya va Mavrikiyga boradi, 

Rossiyaning asosan sobiq vagnerchilardan tarkib topgan «Afrika korpusi» Mali va Jazoir chegarasida o‘nlab jangchilarini yo‘qotgan. O‘tgan haftada Mali armiyasi 25 iyul kuni boshlangan ko‘p kunlik janglarda katta yo‘qotishlarga uchraganini tan olgandi.

Malilik harbiylar ham, «Vagner» XHK vakillari ham aniq raqamlarni keltirmagan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan yollanma jangchilar soni 80 nafargacha yetadi.

BBC rus xizmatining muqaddam «Vagner» XHK safida xizmat qilgan suhbatdoshi kamida 82 nafar yollanma jangchi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Nashrning Malidagi boshqa bir manbasi esa aloqaga chiqmay qo‘ygan, u katta ehtimol bilan halok bo‘lgan jangchilar orasida bo‘lgan.

Rossiyalik va malilik harbiy xizmatchilar kolonnasi chang bo‘roni ko‘tarilganida Mali shimolida mustaqil Azavad davlatini tuzish uchun kurashib kelayotgan tuareglar tomonidan o‘rnatilgan pistirmaga duch kelgan.

Mali shimolida rossiyalik yollanma jangchilar halokatga uchragani haqida 28 iyulga o‘tar kechasi ma’lum bo‘ldi, bu vaqtda ushbu mamlakatning Jazoir bilan chegara hududida harbiy harakatlar faollashganiga bir hafta vaqt bo‘lgandi.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyining so‘nggi o‘n kunligi boshlanganida Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar so‘nggi 12 yil mobaynida Mali shimolini nazorat qilib kelgan va 2012 yilda o‘zining alohida davlatini tuzganini e’lon qilgan ayirmachi tuareglar butunlay tor-mor etilishini prognoz qila boshlagandi.

Amaliyotning dastlabki kunlarida Mali armiyasi «Afrika korpusi» bilan birgalikda Jazoir bilan chegaradagi muhim qishloqni nazoratga olgan. Yollanma jangchilarga aloqador telegram-kanallar yozishicha, harbiylar chegara yaqinida turganida kuchli qum bo‘roni boshlangan, shu tufayli kolonna harakati to‘xtatilgan. Isyonchilar esa ob-havo sharoitidan foydalangan holda sobiq vagnerchilarga pistirma qo‘ygan.

So‘nggi uch yil mobaynida Niger, Mali va Burkina-Fasoda hokimiyatni egallab olgan harbiylar 2024 yil bahorida jangari guruhlarga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha kelishib olgandi. Bu mamlakatlar hududlarida «Al-Qoida» va IShIDga aloqador bo‘lgan guruhlar harakatlanadi.

Mavzuga oid