Jamiyat | 17:37 / 08.08.2024
2492
3 daqiqa o‘qiladi

Qayrag‘ochlari qirilayotgan Sirdaryo: Xovosda 17 tup daraxt kesib tashlandi

Fermer xo‘jalik dala maydoni chetida o‘sib turgan sadaqayrag‘ochlarni kesib olganlar jinoiy jazoga tortildi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1,1 mlrd so‘mdan ortiq.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 17 tup sadaqayrag‘ochni kesgan ikki shaxs jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, tumanning Qahramon mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklardan birining dala maydoni vizual o‘rganilganida dala maydoni chetidagi sog‘lom holatda bo‘lgan sadaqayrag‘ochlarni kesib olingani aniqlangan. Buning oqibatida tabiatga 1 mlrd 125 mln 740 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Daraxtlar fermer xo‘jalik rahbari A.A.ning ruxsati bilan do‘stining talaba o‘g‘li tomonidan kesib olingan.

Yigit suddagi ko‘rsatmasida aybiga iqror bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida otasining choyxonasida yordamlashib turishini, daraxtlarni xo‘jalik rahbarining ruxsati bilan kesganligini, biror hujjat kerak bo‘lmaydimi deb so‘raganida xo‘jalik rahbari o‘zi javob berishini, kesaverishi mumkinligini aytganini bildirgan. Kesilgan daraxtlar choyxonada o‘tin sifatida ishlatilgan.

Fermer xo‘jalik rahbari ham sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U do‘stining o‘g‘liga qurilgan daraxt va shoxlarni  kesib olishga ruxsat berganini, ushbu qayrag‘ochlarni o‘zi oilasi bilan ekkanligini, yetkazilgan zararni qoplashini aytib, suddan o‘zi o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud hukmi bilan daraxtlarni kesganlar Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismida (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish orqali ko‘p miqdorda zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Aybdorlarga nisbatan ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etmaslik, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Sirdaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik hamda spirtli ichimlik iste’mol qilmaslik bilan bog‘liq qo‘shimcha cheklovlar ham o‘rnatilgan. Shuningdek, sudlanuvchilardan tabiatga yetkazilgan 1 mlrd 107 mln so‘m zararni undirish belgilangan.

Avvalroq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida ham fermer xo‘jalik rahbari ikki sherigi bilan dala maydoni chetida ko‘karib turgan 21 tup qayrag‘ochni qonunga xilof ravishda kesib, sotib yuborgani hamda tabiatga qariyb 1,5 mlrd so‘m zarar yetkazgani xabar qilingandi. Ularning har biriga 2 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid