Jahon | 10:37 / 12.08.2024
5945
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya Kiyev viloyatiga KXDR raketasi bilan zarba berdi

KXDRning KN-23 ballistik raketalari «kamdan-kam hollarda o‘z nishoniga yetib boradi, biroq aholi uchun jiddiy xavf tug‘diradi», deya ma’lum qildi Ukraina Qurolli kuchlari.

Foto: Videodan kadr

Rossiya armiyasi 11 avgust, yakshanbaga o‘tar kechasi Kiyev viloyatiga havo hujumida Shimoliy Koreya raketasini qo‘llagan bo‘lishi mumkin, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. 

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklar Shimoliy Koreya raketasidan foydalangan va bu Ukrainaga qarshi navbatdagi qasddan terrorchilik hujumi bo‘lgan. Pirotexniklar ushbu raketa bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlash ustida ishlashda davom etmoqda», — deb yozdi Zelenskiy. 

«Rossiyaning Shimoliy Koreya raketalari bilan hujumlariga kelsak, men quyidagilarni aytaman: KN-23 ballistik raketalari kamdan-kam hollarda kerakli maqsadga erishsa ham, aholi uchun jiddiy xavf tug‘diradi», dedi Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk. 

Rossiyaning Kiyev viloyatidagi zarbasi vaqtida ota va o‘g‘il halok bo‘ldi

Hujumdan so‘ng Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ham Ukraina poytaxtiga «Iskander-M» yoki Shimoliy Koreyaning KN-23 ballistik raketalari uchirilganini ma’lum qildi. Kiyev viloyatining Brovari tumanida urib tushirilgan raketa qoldiqlari xususiy turar joy binolari ustiga tushdi, qutqaruvchilar vayronalar ostidan 35 yoshli erkak va uning to‘rt yoshli o‘g‘lining jasadlarini olib chiqdi. Yana uch kishi jiddiy jarohat olgan. 

Kecha kechqurun ukrain havo hujumidan mudofaa vositalari Ukraina bo‘ylab uchirilgan 57 ta drondan 53 tasini urib tushirdi. Umuman olganda, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bir hafta ichida Ukrainani 30 dan ortiq raketa va 800 dan ortiq boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berdi, dedi Zelenskiy.

Mavzuga oid