Jahon | 14:10 / 15.08.2024
2994
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya hukumatidan Isroilga qurol eksportini to‘xtatish talab qilindi

Isroilning G‘azo sektorida agressiyasi boshlanganidan beri Britaniya hukumati juda katta jamoatchilik bosimiga duch keldi.

Foto: AP

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi X ijtimoiy tarmog‘i orqali bayonot e’lon qildi va Isroilning yaqinda majburan ko‘chirilgan falastinliklar boshpanasiga uyushtirgan hamda kamida 100 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan voqeani qoraladi.

Biroq, Britaniya diplomatik xizmati rahbarining posti foydalanuvchilar tanqidiga sabab bo‘ldi. Ular vazirga Londonning Isroil davom etayotgan vahshiyliklarida ham diplomatik yashirin yo‘l bilan, ham qurol yetkazib berish orqali ishtirok etganini eslatishdi. 

Xuddi shunday reaksiyaga bosh vazir Kir Starmerning Britaniya, Fransiya va Germaniyaning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma bayonotini e’lon qilishi sabab bo‘ldi. 

Britaniya Isroilga asosiy qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda. Britaniya mudofaa sanoatining bu mamlakatga eksporti so‘nggi bir necha yil ichida yuzlab million dollarni tashkil etdi. 

Isroilning G‘azo sektorida 40 mingga yaqin falastinlik o‘limiga sabab bo‘lgan va 92 mingdan ortiq kishi jarohat olgan agressiyasi boshlanganidan beri Britaniya hukumati Isroilga qurol sotishni to‘xtatish bo‘yicha mamlakatda katta jamoatchilik bosimiga duch keldi. Kanada, Belgiya, Niderlandiya, Ispaniya va Yaponiya kabi davlatlar ham xuddi shunday qadam tashlagan. 

Rishi Sunak boshchiligidagi konservativ hukumat bu talablarga unchalik ahamiyat bermadi. Hokimiyatga kelgan Starmer va leyboristlar bu masala bo‘yicha ularning pozitsiyasi boshqacha bo‘lishi mumkinligini aniq ko‘rsatdilar. 

Yaqinda Britaniya ommaviy axborot vositalarida leyboristlar hukumati Isroilga qurol yetkazib berishga yashirin embargo joriy etgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Biroq vazirlar mahkamasi vakili bu da’voni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, hukumatning Isroilga yetkazib berish uchun eksport litsenziyalari bo‘yicha pozitsiyasida «hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmagan».

Bahs va aralash signallar fonida inson huquqlari tashkilotlari va huquqshunos olimlar Britaniya hukumatidan o‘z pozitsiyasini aniqlashtirishni talab qilmoqda. Ta’kidlanishicha, rasmiy London xatti-harakatlari uning o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlariga zid keladi va Isroil urushiga sheriklikda ayblash uchun asos yaratadi. 

«Britaniya hukumati Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqiruvchi quruq bayonotlar berishda davom etmoqda», dedi Falastinliklar uchun xalqaro adolat markazi (ICJP) huquqshunosi Zaki Sarraf «Anadolu» agentligiga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilga zudlik bilan qurol-yarog‘ embargosi joriy etishdan bosh tortish «Britaniya o‘z ittifoqchisi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarga yordam berishdan afsuslanmaydi» degan ma’noni anglatadi.

Mavzuga oid