Jahon | 10:01 / 19.08.2024
4083
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti: mamlakat og‘ir iqtisodiy ahvolda

AQSh sanksiyalar kiritmoqda, ammo biz birlashsak, tahdidlarni bartaraf eta olamiz, dedi Mas’ud Pizishkiyon.

Foto: Anadolu Agency

Eron og‘ir iqtisodiy sharoitda, odamlar esa norozi. Bu haqda Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ma’lum qildi. «Bu Amerika yoki chet elliklarning emas, balki bizning aybimiz», dedi prezident parlament yig‘ilishida.

«Mamlakat og‘ir sharoitda, odamlar og‘ir iqtisodiy ahvolda. Iqtisodiyot, ijtimoiy hayot, ekologiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi adolatsizlik va nomutanosiblik barchaga ta’sir qilmoqda», — dedi prezident.

Prezident o‘z nutqida adolat masalasiga alohida to‘xtaldi. «Hukumatning vazifasi adolatli ish tutish, ya’ni xalqni rozi qilishdir. Bu biz butun qalbimiz bilan ishonadigan prinsipdir. Hech bir din, e’tiqod, imom, hech bir payg‘ambar inson uchun adolat chegarasidan chiqmagan. Ular dindormi yoki dinsizmi, turkmi, forsmi, arabmi, begonami yoki mahalliymi, farqi yo‘q. Butun kurash adolatdan iborat», - deydi siyosatchi. 

Eron prezidenti mamlakatga qarshi tahdidlar haqida gapirar ekan, asosiysi AQSh ekanligini aytdi. 

«Amerika sanksiyalar kirityapti, ammo biz birlashsak, bu tahdidlarni bartaraf eta olamiz. Mintaqada keskinlik, urush va qon to‘kilishi kuzatilmoqda. Qo‘shnilar bilan munosabatlarimiz sust, ijtimoiy sarmoyamiz pasayib, ichki yaxlitligimiz zaiflashdi, hukumatning millat oldida obro‘si tushdi. Bu bizning zaif tomonlarimizdir», - dedi Islom Respublikasi prezidenti. 

Pizishkiyonning ishontirishicha, rasmiylar mamlakatda qashshoqlikni kamaytirishga harakat qilishda davom etadi. «Biz bu xalqni boshqarish uchun emas, unga xizmat qilish uchun keldik. Davlat xizmat qilish vositasi bo‘lishi kerak, aks holda bu ahamiyatsiz va foydasiz», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid