Jahon | 19:40 / 26.08.2024
13152
8 daqiqa o‘qiladi

Durov hibsda. Bu Telegramga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Milliardga yaqin foydalanuvchiga ega Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning Parij aeroportida qo‘lga olinishi ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu messenjerning O‘zbekiston uchun ahamiyati juda katta. Shundan kelib chiqib, Kun.uz mavzu yuzasidan ayrim savollarga kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevdan javob oldi.

24 avgust kuni Telegram asoschisi Pavel Durov Parijdagi aeroportda qo‘lga olindi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga sabab sifatida Telegram messenjerida moderatsiya yo‘qligi va Durov Fransiya kuchishlatar tuzilmalari bilan hamkorlikdan bosh tortgani ko‘rsatilmoqda. Telegram Durovning hibsga olinishi yuzasidan bayonot berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunlariga amal qilishi, undagi huquqbuzarliklar uchun platforma egasining javobgarligini da’vo qilish bema’nilik ekanini ma’lum qildi.

Dunyo bo‘ylab qariyb bir milliard foydalanuvchiga ega Telegram kun sayin muhim ma’lumotlar manbai va kuchli muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Xususan, Telegram Rossiya, Ukraina urushida rasmiylar uchun ham, media uchun asosiy ma’lumot manbaiga aylandi. Bilamiz, O‘zbekistonda ham ushbu messenjer juda mashhur va millionlab yurtdoshlarimiz, davlat organlari va tashkilotlari undan foydalanadi. Bugungi onlayn mehmonimiz – kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis, Mohirdev platformasi asoschisi Anvar Narzullayev messenjer va uning taqdiri borasida ayrim fikrlarni bildirib o‘tdi.

Durov hibsga olinishida asosiy sabab sifatida messenjerda moderatsiyaning yo‘qligi aytilmoqda. Qariyb milliardga yaqinlashib qolgan foydalanuvchilari bor, million gigabaytlab ma’lumotlar almashadigan platformani moderatsiya qilishning imkoni bormi o‘zi?

– Moderatsiya qilishning imkoni bor, lekin bu pul va resurslarga borib taqaladi. Deyarli barcha katta ijtimoiy tarmoqlarda bu yo‘lga qo‘yilgan. Bu Facebook, Instagram, yoki Google'ning qandaydir saytlari bo‘lishidan qat’i nazar, tizim yo‘lga qo‘yilgan. Facebook kompaniyasi moderatsiyani uchinchi kompaniyalarga topshirgan, chunki Meta mahsulotlarining auditoriyasi juda katta, turli tillarda olib boriladi. Shu tillarda mahalliy boshqa kompaniyalar o‘z tilidagi postlar bo‘yicha moderatsiyani olib boradi. Masalan, agar Meta moderatsiyani O‘zbekistonda amalga oshirishni xohlashsa, o‘zbek kompaniyasini ishga olishlari ham mumkin. Shuningdek, Telegram xohlasa buni jiddiyroq amalga oshirishi mumkin. Yuqoridagi aytganimdek, bu resurslarga bog‘liq. Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ham hozir moderatsiya qilish imkoniyatlari bor.

Yana bir ayblov, Durov Fransiya kuchishlatar tuzilmalari bilan hamkorlik qilmagani sifatida ko‘rilmoqda. Umuman o‘zi boshqa mashhur messenjerlar yoki ijtimoiy tarmoqlar hukumatlar bilan qanchalik hamkorlik qiladi?

Anvar Narzullayev

– Deyarli barcha katta IT kompaniyalar, ijtimoiy tarmoqlar hukumatlar bilan hamkorlik qiladi. Zamonaviy dunyoda busiz iloji yo‘q. Hattoki yilning oxirida statistik ma’lumotlarni ham e’lon qilishadi. Birgina Facebook kompaniyasi misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘tgan yilning o‘zida hukumatlar tomonidan 500 mingdan ortiq akkauntlarning ma’lumotlari so‘ralgan. Kompaniya ularning 80 foizini qanoatlantirgan. Ya’ni Facebook huquqni muhofaza qiluvchi idoralar yoki hukumatlarga 500 mingdan ortiq Facebook foydalanuvchilarining ma’lumotlarini taqdim etgan. Google, Apple singari kompaniyalar ham bunday statistikalarni chiqarishadi. Aynan moliyaviy, qurilmalar haqida ma’lumotlar, telefonlarni ochib berish, akkauntlarga kirish so‘ralgan bo‘lishi mumkin. Xullas deyarli barcha kompaniyalar agar faoliyat yuritishni xohlasa, hukumatlar bilan hamkorlik qilishga majbur.

2019 yilda Rossiya Telegram messenjeri uchun taqiq qo‘yildi va yana faoliyat yuritishiga ruxsat berildi. O‘shanda shunday turli mish-mishlar tarqalgan edi, Durov Telegramni qayta yo‘lga qo‘yish uchun Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilgan, degan ma’noda. Bu qanchalar haqiqatga yaqin, bunisi bizga qorong‘i. Chunki buni hech kim ochiqlamadi. Ammo Durovga ham bu masalada juda ko‘p bosimlar bo‘lgan. Malayziya hukumati va boshqa dunyo hukumatlari ham Telegram ma’lumotlarni ochiqlashini, moderatsiya qilishini so‘rab kelishgan.

Bilasiz, O‘zbekistonda juda ko‘plab axborot almashinuvlari, bizneslar yoki maishiy holatlarda odamlar Telegramga juda bog‘lanib qolgan. Oxirgi rasmiy ma’lumotlarda 20 milliondan ortiq foydalanuvchilar borligi aytilgan edi. Shu sababli ko‘pchilikni endi nima bo‘ladi, Telegram serverlari o‘chib yoki uzilib qolsa, yoki qaysidir davlatlar ma’lumotlarga ega chiqsa, degan savollar qiynayapti. Telegramning o‘chib qolishi yoki serverlarda muammo chiqishi qanchalik haqiqatga yaqin?

– Milliardlab foydalanuvchilari mavjud bo‘lgan bu kompaniyaning o‘chirib qo‘yilishi yoki serverdan uzib qo‘yilishi ancha qiyin masala. Kompaniyaning yuridik ishlari ancha puxta qilingan, albatta. Ammo hukumatlar buni yopishga yoki xizmatini sekinlashtirishga urinsa, buning uddasidan chiqishi mumkin. Lekin Telegram kompaniyasi ham bunday qilinmasligi uchun turli boshqa choralarni ko‘rib qo‘ygan deb o‘ylayman. Uning serverlari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lishi mumkin. Turli proksilar orqali kirishni amalga oshirishi ham mumkin. Chunki Rossiyada Telegram bloklanganda ham foydalanuvchilarga tizimga kirish uchun imkoniyat yaratib berilgan. Ammo Fransiya hukumati bloklash chorasini qo‘llamoqchi bo‘lsa, tizim sekin ishlashi mumkin. Durov va uning jamoasi buning yuridik va texnik tomonlarini puxta tashkil etgan deb o‘ylayman.

Rossiyadagi Telegram va Youtube'ni bloklash ortidan yaqinda O‘zbekistonda ham bir necha marta bu platformalar faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi. So‘nggi bo‘layotgan voqealar hech qaysi tizim doimiy va ishonchli emasdek tasavvur uyg‘otyapti. Bunday hollarda faoliyati media biznesi bilan bog‘liq shaxslar yoki tashkilotlar nima qilishi kerak, boshqa messenjerlardan zaxira qilish kerakmi yoki saytlarga urg‘u berish kerakmi? Xavfsizlik ma’lumotlarini saqlashi borasida qanday tavsiyalaringiz bor?

– Telegram avvallari messenjer bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqqa aylanib bormoqda. Tobora u mukammal dasturga aylanmoqda. Ba’zilar turli fayllarni va hujjatlarni ushbu messenjerda almashmoqda va bu yaxshi ish emas. Chunki har bir dasturning o‘z vazifasi bor. Agar turli xil hujjatlarni saqlayotgan bo‘lsangiz, buni to‘xtating, chunki buning o‘z xavflari mavjud. Telegramdan kommunikatsiya uchun foydalanishingiz mumkin. Shuningdek O‘zbekistonda ko‘plab tashkilotlar, ba’zida davlat organlari ham hujjatlar almashinuvini Telegram orqali amalga oshiradi. Lekin unday bo‘lmasligi kerak, hujjatlarni saqlash uchun maxsus dastur, yuborish uchun boshqa dastur kabi hamma ishni shunga mo‘ljallangan platformada qilish kerak. Bunda, albatta, qo‘shimcha resurslardan zaxira sifatida foydalanish kerak.

Agar faqatgina Telegramdan foydalanayotgan bo‘lsa, o‘tgan yili Rossiyada Instagram bloklanganidek, ko‘plab influyenserlar yoki mutaxassislar ishsiz qolishi mumkin. Bu borada mening tavsiyam, muqobil xizmatlarni o‘zimiz ishlab chiqishimiz kerak. Bundan tashqari, auditoriyamiz, muloqot qiladigan odamlarimiz uchun turli xil boshqa muqobil platformalarda ham aloqa o‘rnatib qo‘yish kerak.

Mavzuga oid