Jahon | 21:11 / 31.08.2024
2274
2 daqiqa o‘qiladi

Vuchich Serbiya 2028 yilda Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lishiga ishonmasligini aytdi

Vuchichning bayonoti Serbiya Fransiyaning Dasault Aviation kompaniyasi bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha tarixiy bitimni imzolaganidan ikki kun o‘tib yangradi.

Foto: Reuters

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich o‘z mamlakati 2028 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga ishonmasligini aytdi, deb xabar beradi Reuters.

«2028 yilda Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lishimizga ishonmayman. Bu [YeIga a’zolik — tahr.] amalga oshmaydi, men o‘z xalqimga yolg‘on gapirmayman», — deydi Vuchich Pragada o‘tkazilgan Globsec xavfsizlik konferensiyasida.

Serbiya prezidentining qo‘shimcha qilishicha, kimdir YeIga a’zo bo‘ladigan bo‘lsa ham bu 2030 yildan erta amalga oshmaydi. «Bu vaqt ichida nimalar sodir bo‘lishini hech kim bilmaydi», — deya ta’kidlaydi u.

Vuchichning bayonoti Serbiya Fransiyaning Dasault Aviation kompaniyasi bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha tarixiy bitimni imzolaganidan ikki kun o‘tib yangradi. Bitim doirasida Serbiyaga 12 ta yangi Rafale qiruvchi samolyotlari yetkazib beriladi.

Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun Serbiya demokratiya, qonun ustuvorligi, sud tizimi, iqtisodiyotni yaxshilashi, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni yo‘q qilishi kerak.

Globsec ekspertlar guruhida chiqish qilgan Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovich esa hozirda NATO a’zosi bo‘lgan o‘z mamlakati 2028 yilda YeIga qo‘shilishiga umid qilishini bildirdi. «Biz final bosqichiga chiqishni xohlayapmiz va hozirda maqsadimiz — 2028 yilda YeIga a’zo 28-davlat bo‘lish. Bu ulkan maqsad, lekin bu haqiqatga yaqin bo‘lishiga umid qilaman», — deydi u.

Mavzuga oid