Jahon | 11:28 / 02.09.2024
5948
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: Rossiya qo‘shinlari Pokrovskdan 10 km uzoqlikda turibdi

Razvedka xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Rossiya quruqlikdagi kuchlari Pokrovsk tomon yurish tezligini oshirgan. Frontning boshqa tarmoqlarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi.

Foto: Getty Images

Britaniya mudofaa vazirligi harbiy razvedka ma’lumotlariga tayanib, 1 sentabr, yakshanba kuni X tarmog‘idagi postida Rossiya quruqlikdagi kuchlari so‘nggi yetti kun ichida Pokrovsk tomon siljish tezligini oshirganini ma’lum qildi. Endi ular yuqori ehtimollik bilan shahar chegaralaridan 10 km uzoqlikda joylashgan. Razvedka zobitlari rus qo‘shinlarining turar joy hududiga kirishiga shubha qilishmayapti, ammo taxminlarga ko‘ra, hujum sur’ati sekinlashadi.

Pokrovsk Donetsk viloyati uchun asosiy logistika markazi bo‘lib xizmat qiladi va agar u qo‘ldan chiqarilsa, Ukraina ta’minot liniyalari uzaytiriladi va yo‘nalish o‘zgartiriladi. Bu Ukraina armiyasiga Ugledar va Chasov Yar tumanlaridagi bir nechta mustahkamlangan hududlar o‘rtasida resurslarni yetkazib berish va manyovr qilishni qiyinlashtiradi. 

Xabarda aytilishicha, Ukraina sharqi va janubidagi frontning boshqa barcha sektorlarida operatsion temp oxirgi haftada pastligicha qoldi va hududiy nazoratda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Rossiya mudofaa vazirligi 1 sentabr kuni Donetsk viloyatidagi ikkita aholi punkti – Ptiche (Pokrovskdan 24 km) va Vemka (Baxmutdan 23 km shimolda) posyolkalari bosib olinganini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid