Jahon | 15:50 / 03.09.2024
3146
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda 17 ta maymun o‘limi bo‘yicha tergov olib borilmoqda

Jonivorlarni mahalliy aholi tomonidan yollangan merganlar otib o‘ldirgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Hindiston o‘rmon xizmati Chhattisgar shtatining Bengaon qishlog‘ida 18−19 bosh maymunning o‘limi bo‘yicha tekshiruv boshladi va jonivorlardan to‘rttasining chirigan jasadini aniqladi, deb xabar bermoqda NDTV kanali. OAV aniqlik kiritishicha, qishloq panchayati (Hindistondagi mahalliy boshqaruv organi) vakili Sitaram Verma kamida 17 ta maymun otib o‘ldirilganini ma’lum qilgan. U hokimiyatni ushbu hodisani yashirishga urinishda aybladi.

Ayblovlarga javoban o‘rmon xizmati maymunlar o‘limining aniq sababi hali noma’lum ekani, gumonlanuvchilar so‘roq qilinayotganini ta’kidladi.

NDTV qo‘shimcha qilishicha, taxminan 28 avgust kuni ikki kishi hayvonlarga qarata o‘q uzgan. Taxminlarga ko‘ra, mahalliy aholi vakillaridan ayrimlar maymunlar to‘dasini qishloqdan haydab chiqarish uchun merganlarni yollagan. Jonivorlar odamlarning uyiga kirib, bog‘lardagi ekinlarga zarar yetkazgan. Vermaning aytishicha, bir necha maymun yaralangan. U qishloqdoshlarining hayvonlarni bunday usulda quvish qarorini qoraladi va maymunlar Hindistonda Xanuman xudosi timsoli sifatida e’zozlanishini eslatib o‘tdi.

Vermaning so‘zlariga ko‘ra, voqea haqida shtat ma’murlariga xabar berilgan, ammo ular voqeadan ikki kun o‘tibgina qishloqqa tashrif buyurgan.

 “Bir necha maymunning jasadini daydi itlar yeb ketdi. O‘rmon xizmati yetti maymunning chirigan jasadi va skeletlarini yig‘ib oldi. Yaralangan hayvonlarning ba’zilari halok bo‘ldi, ba’zilari qochib ketdi”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid