Jahon | 15:37 / 04.09.2024
1949
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko 2020 yilgi namoyishlarning 30 ishtirokchisini afv etdi

Belarus rahbari matbuot xizmati respublika Ichki ishlar vazirligi «ozod qilinganlarning xatti-harakatlari ustidan nazoratni ta’minlashini» ma’lum qildi.

Foto: AP

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko o‘zini yana davlat rahbari deb e’lon qilgan 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridagi soxtalashtirishga qarshi namoyishlarda qatnashganlikda ayblangan 30 kishini afv etdi. Bu haqda 4 sentabr, chorshanba kuni uning matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, afv etilganlar orasida 23 nafar erkak va 7 nafar ayol bor. Mahkumlarning aksariyati voyaga yetmaganlar va yosh bolalarning ota-onalari. «Bu shaxslarning barchasi afv etish uchun majburiy shartlarga rioya qilishdi - ular kechirish uchun ariza berishdi, ayblarini tan olishdi, chin dildan pushaymon bo‘lishdi va qonunga bo‘ysunadigan turmush tarzini olib borishga va’da berishdi», - deya Lukashenkoning matbuot xizmatidan iqtibos keltiradi Rossiyaning «Interfaks» axborot agentligi. 

«Ozod qilinganlarning xulq-atvori ustidan nazorat respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan ta’minlanishi» ko‘rsatilgan.

16 avgust kuni ham Aleksandr Lukashenko butun mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan 30 nafar siyosiy mahbusni afv etish haqidagi farmonni imzoladi.

Belarusda 2020 yilgi namoyish ishtirokchilari ta’qib qilinishi

2020 yil 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari to‘lqini kuzatildi. Namoyishchilar yangi, adolatli saylovlar va siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qildilar, ularga ish tashlashga chiqqan korxonalar ishchilari ham qo‘shildi. Namoyishlarni tarqatishda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga nisbatan shafqatsizlik ko‘rsatdi. Namoyishlarning dastlabki kunlaridayoq, Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab deyarli 7 ming kishi qo‘lga olingan, kamida ikki kishi halok bo‘lgan.

Keyinchalik namoyishlar chog‘ida ushlangan ko‘plab belarusliklar tergov izolyatoridagi qiynoqlar va g‘ayriinsoniy sharoitlar haqida gapirdi. 2020 yilda Belarusdagi norozilik namoyishlarida qo‘lga olingan 680 kishi xavfsizlik kuchlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qilgan. Bir yil o‘tgach, Belarus Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati «jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli» biron bir jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligi haqida bayonot berdi.

Mavzuga oid