Jahon | 22:12 / 05.09.2024
5175
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqardi

Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentabrdagi qarori bilan «Tolibon» Qirg‘izistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingan edi.

Foto: Reuters

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakat hududida sudlar tomonidan faoliyati taqiqlangan terrorchilik tashkilotlarining ro‘yxatini e’lon qildi, deb xabar beradi Anadolu.

Hujjatda 20 ta tashkilot keltirilgan. Ular orasida «Tolibon» yo‘q. Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentabrdagi qarori bilan «Tolibon» Qirg‘izistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingan.

«Afg‘onistonda yuz bergan so‘nggi o‘zgarishlar sabab, balki, «Tolibon» ro‘yxatdan chiqarilgandir. Sizlar batafsil ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan sud organlariga va ro‘yxatni e’lon qilgan Bosh prokuraturaga murojaat qilishingiz lozim», — deydi Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari o‘rinbosari Azamat Yusupov.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi raisining boshqa bir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonda ham «Tolibon» terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, KXShT davlatlari ham ushbu masalani muhokama qilmoqda.

Qirg‘iziston sudlari tomonidan taqiqlangan tashkilotlar qatorida «Al-Qoida», Sharqiy Turkiston islom harakati, Kurd xalq kongressi, «Hizbut-Tahrir» harakati ham bor.

Mavzuga oid