Jahon | 09:19 / 05.09.2024
5569
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tunda Ukrainaga o‘nlab dronlar bilan hujum qildi

5 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning qator hududlariga o‘nlab uchuvchisiz uchoqlarni uchirdi. Jitomirda ketma-ket portlashlar sodir bo‘lgani xabar qilingan.

Foto: Aleksandr Gusev/Pacific Press/picture alliance

5 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga Shahed tipidagi o‘nlab uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari mamlakatning bir qator hududlari yo‘nalishida hujumkor uchuvchisiz uchoqlar uchirilgani haqida xabar berdi. Mirgorod, Belaya Tserkov, Chernixiv va Sumi shaharlari xavf ostida. Jitomirda qator portlashlar sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Ukrainaning «Zerkalo nedeli» nashri mahalliy aholiga tayanib.

Rossiya uchuvchisiz uchoqlari Xarkiv, Cherkassk, Chernixiv va Kiyev viloyatlari ustida ham manyovr qilmoqda. Kiyev viloyatida havo hujumidan mudofaa tizimi ishlamoqda, deya xabar beradi mahalliy hokimiyat.

Bundan tashqari, soat 23.05da Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari Murmansk viloyatidagi «Olenya» aerodromidan ikkita Tu-22 bombardimonchi samolyoti parvoz qilgani haqida xabar berdi.

So‘nggi kunlarda Rossiya qo‘shinlari Poltava va Lvivga raketa hujumlari uyushtirdi, natijada jami 60 kishi halok bo‘ldi, yana 362 kishi jarohatlandi.

Mavzuga oid