O‘zbekiston | 21:18 / 08.09.2024
10449
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashining mintaqaviy vitse-prezidenti bo‘ldi

U O‘zbekiston Qozog‘iston Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistonni birlashtiruvchi Markaziy Osiyo mintaqasida Olimpizmni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.

Foto: Olympic.uz

Sport funksioneri Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashining (OOK) Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Nyu-Dehli shahrida OOK Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda, uning doirasida tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. OOK prezidenti lavozimiga tashkilotga vaqtinchalik rahbarlik qilgan Raja Randhir Singx saylandi. Shuningdek, 5 ta hudud bo‘yicha vitse-prezidentlar ham saylandi.

«Ta’kidlash joizki, Otabek Umarov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tashkilotning vitse-prezidenti etib saylandi», deyiladi qo‘mita xabarida.

Bungacha Umarov muddati qisqa bo‘lgan davr - Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi u qit’adagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga mas’ul bo‘ladi.

Tadbirda Otabek Umarov so‘zga chiqib, qit’amiz sporti jahon miqyosida tobora e’tirof etilayotgani, buning yaqqol isboti sifatida Parij–2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarida Osiyoning to‘rtta davlati kuchli o‘n beshlikka kirganini ta’kidladi.

Mavzuga oid